Huawei 1
O‘zbekistondagi suv havzalarida motorli transport vositalari harakatlanishiga ruxsat beriladi

O‘zbekistondagi suv havzalarida motorli transport vositalari harakatlanishiga ruxsat beriladi. Bu haqda joriy yilning 4 sentyabr kuni “Suv havzalarida motorli (ichki yonuv dvigatelli) va elektromotorli suv transporti vositalaridan foydalanish tartibini yanada takomillashtirish hamda fuqarolar xavfsizligini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, 2025 yil 1 maydan e’tiboran tabiiy va sun’iy suv havzalarida faqat tezlikni avtomatik pasaytirish uskunasi bilan jihozlangan (harakatlanish maksimal tezligi 40 km/soatdan oshmaydigan motorli qayiqlar bundan mustasno), GPS uskunasi o‘rnatilgan hamda milliy GPS monitoring va navigatsiya tizimiga ulangan motorli va elektromotorli suv transport vositalaridan foydalanishga ruxsat beriladi.

Suv transport vositalarining ruxsat etilgan harakatlanish maksimal tezligi 40 kilometr/soat, kemalar to‘xtash joylari hamda aholi turar joylari chegaralarida – 20 km/soat, plyajlar va aholining ommaviy dam olish joylari chegaralarida esa – 5 km/soat etib belgilanadi.

Shuningdek, ushbu vaqtdan boshlab yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan suv transporti vositalaridan (bundan elektromotorli suv transporti vositalari mustasno) foydalanish natijasida atrof -muhit ifloslantirilgani uchun quyidagi miqdorda yillik kompensatsiya to‘lovlari undiriladi:

  • motorli qayiq va gidrotsikllar uchun BHMning 10 baravari;
  • kater uchun BHMning 15 baravari;
  • yaxtalar uchun BHMning 25 baravari.

Motorli suv transporti vositalari kompensatsiya to‘langanligini tasdiqlovchi hujjat taqdim etilganidan so‘ng yillik texnik ko‘rikdan o‘tkaziladi. Kompensatsiya undirishdan tushgan mablag‘lar Ekologiya jamg‘armasiga o‘tkaziladi va suv havzalari ifloslanishini oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlarni moliyalashtirishga sarflanadi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 91705 | Инструменты