Huawei 1
O‘zbekistonga keltirilgan salkam 60 ming quti "Dok-1 Maks" siropi to‘xtatib qolingan

So‘nggi kunlarda mamlakatda "Dok-1 Maks" siropi natijasida bolalar o‘limi holatlari kuzatilgani barchamizni birdek tashvishga soldi.

Hindistonning “Marion Biotech Pvt. Ltd” kompaniyasida ishlab chiqarilgan va “Quramax Medical” MCHJ tomonidan mamlakatimizga import qilingan ushbu dori vositasi Farmasevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi xulosasiga ko‘ra, me’yoriy hujjatda belgilangan talablarga javob bermaydi.  

Farmasevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi axborot xizmati rahbari Qizlarxon Begmatovaning ma’lum qilishicha, Hindistonning “Marion Biotech Pvt. Ltd” kompaniyasiga tegishli “Dok-1 Maks” tabletka va sirop dori vositasi mamlakatimizda 2012 yildan ro‘yxatga olinib, shu yildan O‘zbekiston bozoriga savdoga chiqarilgan. Yurtimizga ushbu preparat “Quramax Medical” MCHJ tomonidan import qilingan.  

Ayni paytda “Dok-1 Maks” tabletka va sirop dori vositalari yurtimizdagi barcha dorixonalar savdosidan o‘rnatilgan tartibda qaytarib olingan.  

Bugungi kunda “Dok-1 Maks” dori vositasi O‘zbekiston bozoriga kirib kelishi oldi olinyaptimi? 

"Dok-1 Maks dori vositasining o'tgan davr mobaynida nojo‘ya ta’siri bo‘lmagan. Faqatgina bir partiyasida bunday nojo‘ya ta’sir kuzatilgan. Amaldagi tartiblarga ko‘ra dori vositasini erkin muomalaga chiqarishda uning O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tganligini tasdiqlovchi guvohnoma hamda olib kirilayotgan dorilarning har bir seriyasi uchun muvofiqlik sertifikatlari bojxona organlariga taqdim qilinadi. Shundan so‘nggina dori vositalari bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkaziladi. 

Ma’lumot o‘rnida, respublikamiz bojxonachilari joriy yilning o‘tgan davri mobaynida aniqlangan 719 ta bojxona qonunbuzilish holatlarida qiymati 24,4 milliard so‘mlik dori vositalarining noqonuniy muomalasiga chek qo‘ydi. Mazkur dori vositalari sifatsiz va davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagani uchun hamda tashish va saqlash qoidalariga rioya etilmagani uchun olib qo‘yilgan",  – deydi O‘zbekiston Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Husan Tangriyev.

“Dok-1 Maks” saqlanayotgan bojxona omborida mazkur dorining joriy yil dekabr oyida keltirilgan 3 ta partiyasi, ya’ni salkam 60 ming qutisi qat’iy nazorat ostida saqlanmoqda. Shuningdek, ilgari keltirilib, erkin muomalaga chiqarilishi lozim bo‘lgan yana 2 ta partiyadagi ushbu dori vositasi ham ushlab turilibdi. Bojxona organlari tomonidan salbiy holatlar kuzatilgan ilk kunlardanoq dori vositasini erkin muomalaga chiqarmaslik uchun barcha choralar ko‘rilgan va hozirda qat’iy nazorat ostida.

Eslatib o'tamiz, bundan Sirdaryoda “Dok-1 Maks” va “Ambronol” tufayli yetti nafar bola kasallangani, ulardan uch nafari og'ir ahvolda ekanligi haqida xabar bergan edik

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 12907 | Инструменты