O‘zbekistonni Qirg‘iziston bilan bog‘lovchi yana bir chegara posti ochiladi

Ayni kunlarda Namangan viloyatining Uchqo‘rg‘on tumanida O‘zbekiston Respublikasini qo‘shni Qirg‘iz Respublikasi bilan bog‘lovchi chegara posti qurilish ishlari jadal pallaga kirdi.

Prezidentning Qirg‘izistonga davlat tashrifi chog‘ida ikki mamlakatning hududlararo kelishuvlari amalga oshirilgan hamda unda Namangan va Jalolobod viloyatlari o‘rtasida o‘zaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlovchi “Yo‘l xaritasi” bitimi imzolangandi.  

Hozir Uchqo‘rg‘on tumanidagi Bo‘ston mahallasining “Uchqo‘rg‘on – Madaniyat” yo‘lining 10-kilometrida joylashgan “Uchqo‘rg‘on” chegara bojxona posti qurilish jarayonlari qizg‘in kechmoqda. Ta’kidlash joiz, xuddi shunday istiqbolli loyiha Qirg‘iz Respublikasining Jalolobod viloyati Navkent tumani Qiziltuu qishlog‘i hududida joylashgan “Kengsay” bojxona postida ham amalga oshirilmoqda.

Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov mazkur chegara posti qurilish jarayonlari bilan tanishib, bunyodkorlik ishlarini tez va sifatli bajarish yuzasidan mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berdi.  

Mazkur bojxona chegara postining ochilishi  viloyat va Uchqo‘rg‘on tumani aholisi uchun katta qulayliklar yaratadi. Bu nafaqat tuman, balki Namangan viloyati iqtisodiyotida muhim ahamiyat kasb etadi, logistika, xizmat ko‘rsatish kabi sohalar rivojlanadi.

Qardosh ikki davlatni bir-biri bilan bog‘lovchi yana bir do‘stlik yo‘li – “Uchqo‘rg‘on” va “Kengsay” chegara bojxona postlari joriy yilda foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.

Amalga oshirilayotgan bunday ulug‘vor sa’y-harakatlar o‘zbek va qirg‘iz xalqlari o‘rtasidagi munosabatlar, do‘stlik rishtalari va har tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 72710 | Инструменты