«O‘zbekneftgaz»ning boshqarma va departamentlariga yangi rahbarlar tayinlandi
«O‘zbekneftgaz» AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayevning 2021 yil 21 yanvardagi buyrug‘i bilan bir qator tayinlovlar amalga oshirildi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Mavlonov Gulmurod Boymurodovich Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi rahbari etib tayinlandi. U tayinlovga qadar Geologiya departamenti boshlig‘i edi.
Gadoyev Anvar Ilhomovich «O‘zbekneftgaz» AJ Geologiya departamenti boshlig‘i etib tayinlandi. Anvar Gadoyev Neft va gaz konlarini geologiyasi hamda qidiruvi institutida uzoq yillar faoliyat olib borgan.
Dauletiyarov Shuhrat Qidirbayevich Kapital qurilish va ta’mirlash departamenti boshlig‘i lavozimiga tayinlandi. U tayinlovga qadar O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi strategik korxonalar ishtirokidagi investitsiya loyihalari ijrosini monitoring va nazorat qilish shoʻbasida faoliyat yuritgan.
Qodirov Ulug‘bek Abdujalilovich neftni qayta ishlash, neftkimyo, neft mahsulotlarini saqlash va transportirovka qilish departamentining boshlig‘i etib tayinlandi. Ulug‘bek Qodirov O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasida turli lavozimlarda faoliyat olib borgan.
Mahmudov Xushnudjon Abdurahmonovich Moliyaviy institutlar bilan ishlash hamda qarzdorlik majburiyatlarini boshqarish departamentining boshlig‘i etib tayinlandi. Xushnudjon Mahmudov O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi va «O‘zbekneftgaz» AJda turli lavozimlarda faoliyat yuritgan.
Anvarov Javohirbek Gʻayratjon o‘g‘li esa Korporativ munosabatlar va aktivlarni boshqarish departamenti boshlig‘i etib tayinlandi. Javohirbek Anvarov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi qoshidagi «Loyiha va import shartnomalarni majmuaviy ekspertiza markazi»da ham turli lavozimlarda ishlagan.
Axayev Eskender Vaapovich Iqtisod va rejalashtirish departamenti boshlig‘i etib tayinlandi. Eskender Axayev shu kunga qadar «O‘zbekneftgaz» Aksiyadorlik jamiyati Buxgalteriya hisobi va korporativ hisobot departamenti Asosiy vositalar, investitsiyalar, materiallar va xarajatlar hisobi bo‘limi boshlig‘i – Bosh buxgalter o‘rinbosari boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 21122 | Инструменты