Huawei 1
Oshqozonosti bezi saratoni: Kasallikka nima uchun kech bosqichda tashxis qo‘yiladi?

Olimjon Imomov Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bo‘lim mudiri:

— Oshqozonosti bezi saratoni dunyoda onkologik xastaliklardan o‘lim sabablari orasida yetakchi o‘rinlardan birini egallaydi. Yer yuzi bo‘yicha yiliga 500 mingga yaqin kishi ushbu kasallik oqibatida hayotdan ko‘z yumayotgani buning tasdig‘i.

Muammoning eng asosiy omili kasallik sezilarli alomatlarsiz paydo bo‘lishi bilan bog‘liq. Shu bois o‘simta allaqachon ildiz otib ulgurgan bo‘ladi va aksariyat hollarda unga ancha kech bosqichda tashxis qo‘yiladi.

Bu xastalik odatda 65 yoshdan oshgan odamlarda, qolaversa, ayollarga nisbatan erkaklarda ko‘proq uchraydi. Kashandalik, ortiqcha vazn va semizlik, surunkali pankreatit mazkur kasallikka chalinish xavfini oshirishi mumkin.

Yuqorida aytganimizdek, oshqozonosti bezi saratonining yaqqol belgilari yo‘q. Shunga qaramay, qorinning yuqori yoki orqa qismida doimiy yoki kuchayuvchi og‘riq, to‘satdan vazn va ishtaha yo‘qolishi, teri va ko‘z sohasida sarg‘ayish, peshob rangi qoramtir tusga kirishi, qandli diabet simptomlari to‘satdan paydo bo‘lishi kuzatiladi.

Ko‘ngil aynishi, qusish, ovqat hazm qilish bilan bog‘liq muammolar, sababsiz charchoq, zaiflik, depressiya va quvvatsizlik kuzatilishi ehtimoli yuqori. Ana shu simtopmlar tez-tez sodir bo‘lsa, shifokor ko‘rigidan o‘tish tavsiya etiladi.

Oshqozonosti bezi saratonini davolash odatda kasallik bosqichi va turiga hamda bemorning salomatlik holatiga ko‘ra belgilanadi.

Bunda jarrohlik amaliyoti, radioterapiya, kimyoterapiya, immunoterapiya, palliativ yordam kabi muolaja usullari qo‘llanilishi mumkin.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 102320 | Инструменты