Ota-onalarga 515 mingta ogohlantirish xati yuborilganidan so‘ng O‘zbekiston maktablarida davomat 95−99 foizgacha oshgan. Bu haqda Oliy Majlis Senatining 18 mart kuni bo‘lib o‘tgan yalpi majlisida bolalar huquqlari bo‘yicha vakil Surayyo Rahmonova maʼlum qildi.
«Milliy gvardiya maʼlumotlariga ko‘ra, 2024 yil boshida maktabga davomat o‘rtacha 70 foizni tashkil etgan bo‘lsa, ota-onalarga 515 mingga yaqin ogohlantirish xati yo‘llangani natijasida 2024 yil yakuniga ko‘ra davomat 95−99 foizga yetdi», — deydi Surayyo Rahmonova.
U bolaning taʼlim olish huquqini taʼminlash bolalar ombudsmani diqqat markazidagi masalalardan biri ekanini eslatdi. Mamlakatda 10134 ta umumtaʼlim maktabi (2024 yil holatiga ko‘ra) mavjud bo‘lib, ularda 6,57 millionga yaqin bola taʼlim oladi.
Bugungi kunda taʼlim muassasalari bolalarning huquqiy savodxonligini rivojlantirishning asosiy ijtimoiy maydoniligicha qolmoqda, taʼkidladi Surayyo Rahmonova. U 10 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan 245 mingdan ortiq maktab o‘quvchisi o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rov natijalarini keltirdi.
«So‘rov natijalariga ko‘ra, bolalarning 97 foizi huquqlaridan xabardor, 65 foizi huquqlarini yaxshi biladi, 52 foizi esa bu maʼlumotni aynan maktabda olganini maʼlum qilgan. So‘rovnomada qatnashgan o‘quvchilarning 94 foizi internetdan foydalanish ko‘nikmasiga ega ekanini bildirgan bo‘lsa-da, ularning 16 foizi internetdan foydalanish qoidalarini bilmaydi», — dedi bolalar ombudsmani.
U ota-onalar farzandlarini maktabga yubormaslik holatlarini bolaning taʼlim olish huquqini taʼminlashga jiddiy to‘siq sifatida ko‘rsatdi.
«Bolaning taʼlim olishi uchun shart-sharoitlarni taʼminlash ota-onalarning bevosita konstitutsiyaviy masʼuliyati hisoblanadi», — deb eslatdi bolalar ombudsmani.
Alpha version: 0.9.1.19 build 33005 | Инструменты