O'zbekiston elchixonasida Germaniyaning Brandenburg federal o'lkasining xalqaro hamkorlik bo'yicha mas'ul davlat kotibi Devid Kolesnik bilan uchrashuv bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA.
Germaniyaning yirik federal o'lkalaridan biri bo'lgan Brandenburg so'nggi yillarda barqaror o'sish dinamikasini namoyish etmoqda. Hududda sanoatning metallurgiya, kimyo yo'nalishlari, qishloq xo'jaligi va boshqa bir qator tarmoqlar juda rivojlangan. Ushbu mintaqaning yalpi ichki mahsuloti 2024-yil oxiriga kelib 97,5 milliard yevroni tashkil etdi. Bu Brandenburgning yuqori iqtisodiy salohiyatidan dalolat beradi va ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish uchun keng istiqbollarni ochadi.
Uchrashuvda sarmoyaviy, savdo-sotiq, turizm va madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalarni yana-da rivojlantirish masalalar muhokama qilindi.
Tomonlar ishbilarmonlik aloqalarini faollashtirish va o'zaro biznes-missiyalarini tashkil etish, O'zbekiston va Germaniyada, jumladan, Savdo-sanoat palatalari ko'magida tashkil etilgan yirik forumlarda ishtirok etish muhimligini ta'kidladilar. Bu ham ikki mamlakat xususiy sektori vakillari o'rtasidagi sheriklik tashabbuslarini rag'batlantirishga xizmat qiladi.
Madaniyat va ta'lim sohasidagi hamkorlik yuqori baholandi. Potsdam amaliy fanlar universiteti va Toshkent arxitektura-qurilish universiteti, Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti, Buxoro muhandislik-texnologiya instituti o'rtasida tarixiy shahar mavzelarini saqlash va yana-da rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqish bo'yicha qo'shma loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilgani aytib o'tildi.
Bu o'zaro hamkorlik akademik harakatchanlikni rivojlantirish, tajriba almashish va ilmiy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilayotir.
Muzokaralar chog'ida o'zbekistonlik yosh mutaxassislarni Brandenburg shahridagi sanoat korxonalari va xizmat ko'rsatish sohasiga ishga jalb etish masalalariga alohida e'tibor qaratildi. Tomonlar ushbu yo'nalishda barqaror va tizimli hamkorlikni yo'lga qo'yish, jumladan, malakali kadrlar tayyorlash va til bilish ko'nikmalari oshirishdan o'zaro manfaatdorlik bildirdilar.
Uchrashuv yakunida hududlararo hamkorlikni chuqurlashtirishga qaratilgan aniq qo'shma tashabbuslarni amaliy amalga oshirish bo'yicha kelishuvga erishildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 51421 | Инструменты