Pokistonning Karachi shahridagi "Korangi" sanoat zonasidagi tadbirkorlar ishtirokida biznes-forum o'tkazildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA.
Tadbirda Sind viloyati Investitsiya kengashining rahbariyati, qishloq xo'jaligi, oziq-ovqat, plastik quvurlar va qurilish mahsulotlari, to'qimachilik, fuqaro aviatsiyasi va kargo sohalarida faoliyat yurituvchi kompaniyalarning boshliqlari ishtirok etdi.
Ishtirokchilar bilan O'zbekiston va Pokiston o'rtasida qayd etilgan sohalarda manfaatli hamkorlikni yo'lga qo'yish mexanizmlari va shartlari muhokama qilindi.
Tadbir avvalida O'zbekiston elchisi Alisher To'xtayev mamlakatimizda xorijiy investitsiyalar uchun yaratilgan sharoit va beriladigan imtiyozlar, erkin iqtisodiy zonalarda faoliyatni tashkil etish tartib-qoidalari, elektr energiyasi, suv va gaz narxlari to'g'risida batafsil ma'lumot berdi.
"O'zbekiston va Pokiston mutasaddi vazirlik va idoralari o'zaro savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada jadallashtirish, mavjud salohiyatni to'laqonli ishga solish, sanoat hamkorligini yangi bosqichga ko'tarish ustida ishlashmoqda. Jumladan, ikki davlat hududlari delegatsiyalarining tashriflarini tashkil etish, sanoat mahsulotlari ko'rgazmalarini uyushtirish, biznes-forumlar va B2B shaklidagi uchrashuvlarni o'tkazish masalalari 2025-yilga mo'ljallangan ish rejamizga kiritilgan", - dedi elchi Alisher To'xtayev.
Biznes-forum doirasida, shuningdek, Buxoro, Samarqand, Sirdaryo, Surxondaryo, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarining investitsion loyiha takliflari taqdimoti o'tkazildi, tegishli katalog, broshyura, tizer va boshqa materiallar tarqatildi.
Tadbirkorlar sanoat ishlab chiqarish jarayonida ishlatiluvchi xom-ashyo va yarim tayyor mahsulotlarni O'zbekistondan yetkazib berish, mamlakatimizda o'z faoliyatini yo'lga qo'yishga qiziqish bildirib, mazkur yo'nalishdagi jarayonlarni tizimlashtirish borasida qator takliflarni ilgari surishdi.
"Pokiston va O'zbekiston biznes va sanoat doiralari o'rtasidagi hamkorligini rivojlantirish bo'yicha tegishli harakatlar rejasini ishlab chiqishga bevosita tadbirkorlarning o'zlarini va konsultativ tahlil markazlarini jalb qilish, tomonlarning manfaatini hisobga olgan holda takliflarni shakllantirish muhim hisoblanadi. Bu albatta ko'rilayotgan choralarning samaradorligini oshirishga xizmat qiladi", - dedi Pokiston biznes guruhlar tashkiloti raisi Faraz ur-Rehman.
"SA Group of Companies" rahbari Saman Abid qishloq xo'jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va oziq-ovqat sanoatida qo'shma loyihalarni amalga oshirishni Karachi va O'zbekiston hududlari o'rtasida aloqalarni rivojlantirishning yangi yo'nalishi sifatida qayd etdi.
"Roshan Builders and Developers" kompaniyasi raisi Vasim ur-Rehman O'zbekistonda uy-joy va ijtimoiy komplekslarni qurishda ishtirok etish, developerlik faoliyatini yo'lga qo'yishni rejalashtirayotganini, mahalliy hamkor topilsa, birgalikda ishlash shartlarini kelishishga tayyorligini bildirdi.
Karachi biznes doira vakillari tashabbusiga ko'ra, tomonlarga maqbul muddatlarda Toshkent yoki Karachi shahrida biznes-forum va B2B shaklida muzokaralarni tashkillashtirishga kelishildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 10815 | Инструменты