Huawei 1
O'zbekistonda atrof-muhitga taʼsirni baholash jarayonlariga jamoatchilik keng jalb etiladi

Oliy Majlis Senatining navbatdagi yalpi majlisida “Ekologik ekspertiza, atrof-muhitga taʼsirni baholash va strategik ekologik baholash to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.

Qonunning dolzarbligi

Soʼnggi yillarda respublikada barcha tarmoqlardagi keng koʼlamli modernizatsiya jarayonlari, shuningdek, kun sayin ortib borayotgan sanoat korxonalari atrof-muhitga sezilarli darajada taʼsir etmoqda. Ekologik ekspertiza faoliyati atrof-muhit muhofazasining eng muhim tadbiri hisoblanib, bunda faoliyat samaradorligi obyektlarga berilayotgan davlat ekologik ekspertizasi xulosalarining sifati, shaffofligi va natijadorligiga uzviy bogʼliqdir.

Ekologik ekspertiza oʼtkazishning huquqiy asosi 2000-yilda qabul qilingan “Ekologik ekspertiza toʼgʼrisida”gi qonuni bilan tartibga solinadi. Amaldagi qonunda asosiy tushunchalarga huquqiy taʼrif berilmaganligi, xalqaro talablar mavjud emasligi, ekologik ekspertiza jarayonlarida ishtirok etuvchilarning huquq va majburiyatlari aniq koʼrsatilmaganligi soha samaradorligiga salbiy taʼsir koʼrsatmoqda.

Foto: Oliy Majlis Senati matbuot xizmati

Ahamiyati

Sohada shaffoflik va ochiqlikni taʼminlashmaqsadida AQSH, Yaponiya, Singapur, Turkiya, Rossiya, Gruziya va Belarus Respublikasining ekologik ekspertiza tizimlari oʼrganib chiqildi. Shuningdek, Jahon banki, BMT, YeIK, YXHT, xususiy sektorning ekspert-konsultantlari tavsiyalari, shuningdek, Strategik ekologik baholash bayonnomasi, Orxus va Espo konvensiyalari talablari asosida “Ekologik ekspertiza toʼgʼrisida”gi qonunga oʼzgartirish va qoʼshimchalar kiritish orqali yangi tahrirda ishlab chiqildi.

Foto: Oliy Majlis Senati matbuot xizmati

Yangi tahrirdagi qonunda quyidagilar oʼz aksini topmoqda:

1. “Elektron hukumat” prinsiplariga asosan atrof-muhitga taʼsirni baholash boʼyicha yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimining huquqiy asoslari belgilab berilmoqda. Ushbu mexanizm tadbirkorlik subyektlari uchun ekologik ekspertizaga oid materiallarni onlayn tarzda taqdim etish va ekologik ekspertizasi xulosalarini olish imkoniyatini beradi.

2. Yangi tahrirdagi qonun xalqaro amaliyotdan kelib chiqqan holda strategik ekologik baholash institutini amalda joriy etishning huquqiy normalari bilan toʼldirilmoqda. Bu oʼz navbatida bugungi kunga qadar ekologik ekspertizasi obyekti sifatida roʼyobga chiqarilmagan davlat dasturlari, konsepsiyalari, shaharsozlik hujjatlari kabi strategik hujjatlarini ekologik baholash orqali faoliyatning ekologik oqibatlarini oldindan aniqlash, baholash va oldini olish imkoniyatini yaratadi.

3. Davlat ekologik ekspertizasi xulosalarining xolisligi va asoslanganligini taʼminlash, ekspertiza boʼlinmalariga kelib tushgan murojaatlarni koʼrib chiqish, shuningdek, ekspertizani oʼtkazish bilan bogʼliq muammoli va bahsli masalalarni hal etish uchun doimiy faoliyat yurituvchi Ekspertlar kengashi tashkil etilmoqda.

Davlat ekologik ekspertizasini oʼtkazishga ekspert va mutaxassislarni jalb etish oʼrniga ushbu masalalarni Kollegial ravishda koʼrib chiqish va hal etish imkoniyatlarini yaratadi hamda ekologik ekspertiza xulosalarining shaffofligini taʼminlaydi.

4. Ekologik ekspertiza obyektlari atrof muhitga taʼsir darajasi boʼyicha uchta toifaga ajratilishi natijasida atrof muhitga lokal taʼsir koʼrsatuvchi toʼrtinchi toifa obyektlari roʼyxatdan chiqarilmoqda. Bu esa minglab kichik tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga noqulayliklarni, byurokratik toʼsiqlarni kamaytiradi, vaqt va xarajatlarni qisqartiradi.

5. Ekologik ekspertizadan oʼtkazish muddatlari qayta koʼrib chiqilmoqda, bu esa oʼz navbatida tadbirkorlik subʼektlari faoliyati uchun qulayliklar yaratadi.

6. Loyiha ishlab chiquvchi tashkilotlarga nisbatan malaka sertifikatini joriy etish va tashkilotlarning reytingini shakllantirishning huquqiy asoslari belgilanmoqda.

Bu oʼz navbatida sifatsiz, ekologik normalarga zid boʼlgan hujjatlarni tayyorlashning oldini oladi va tadbirkorlik subyektlarining ortiqcha vaqtini hamda moliyaviy xarajatlarining kamayishiga, loyiha ishlab chiquvchi tashkilotlarning masʼuliyatini va javobgarligini oshirishga xizmat qiladi.

7. Atrof-muhitga taʼsirni baholash jarayonlariga jamoatchilikni keng jalb etish, xususan, jamoatchilik ekologik ekspertizasi hamda jamoatchilik eshituvini oʼtkazish tartiblarini belgilash boʼyicha alohida normalar kiritilmoqda.

Qonun fuqarolarning qulay atrof-muhitga hamda uning holati toʼgʼrisida ishonchli axborotga ega boʼlish huquqlarini taʼminlab, shaharsozlik hujjatlari loyihalarini jamoatchilik muhohamasidan oʼtkazishning huquqiy asoslarini yaratadi. Shuningdek, davlat ekologik ekspertizasi instituti ishtirokchilarining, xususan, ekolog-ekspertlarning masʼuliyatini oshirishga hamda davlat ekologik ekspertizaga taqdim etilayotgan atrof-muhitga taʼsirni baholash hujjatlari va ekologik normativlar loyihalari sifatini oshirishga xizmat qiladi.

Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 12807 | Инструменты