Huawei 1
O‘zbekistonda Germaniya mehnat bozoriga moslashtirilgan o‘quv markazlari tashkil etiladi

Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari O. Abdullayev Germaniyaning “SBH West GmbH” (“Stiftung Bildung & Handwerk”) tashkiloti vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Muzokaralarda O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasida kasb-hunar ta’limi va chet elda O‘zbekiston fuqarolarini ish bilan ta’minlash sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan asosiy masalalar muhokama qilindi.

Uch tomonlama memorandumni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi. Ushbu memorandum O‘zbekiston fuqarolarini Germaniyada yuk va avtobus haydovchisi sifatida ishga joylashtirishga ko‘maklashishga qaratilgan.

Shuningdek, tomonlar O‘zbekiston hududlarida “SBH West GmbH” o‘quv markazlarining filiallarini tashkil etishga kelishib oldilar. Ushbu ta’lim muassasalari Germaniya mehnat bozori talablariga moslashtirilgan kasbiy ta’lim dasturlarini taklif etadi. Bunday markazlarning bitiruvchilari Germaniyada muvaffaqiyatli ishga joylashish uchun zarur ko‘nikma va malakalarga ega bo‘ladilar.

Erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishi O‘zbekiston fuqarolari uchun xalqaro mehnat bozorlarida yangi ish o‘rinlari yaratish imkonini beradi hamda O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasida ta’lim, migratsiya va malaka oshirish sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlashda muhim qadam bo‘ladi.

Eslatib o'tamiz, bundan oldin Migratsiya agentligi va Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi hamkorligida “Japan Career Portal” ishga tushirilgani haqida xabar bergan edik. “Japan Career Portal” O‘zbekiston fuqarolariga Yaponiyada mehnat migratsiyasi, taʼlim va yashash imkoniyatlari haqida ishonchli maʼlumotlarni taqdim etuvchi universal platforma sanaladi. Bundan tashqari, yaponiyalik ish beruvchilarga o‘zbekistonlik mutaxassislarning salohiyati va kasbiy sifatlari haqida to‘liq maʼlumotlar taqdim etib boriladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 12904 | Инструменты