Kongo Demokratik Respublikasi (KDR) va Ruanda qo‘shinlari sharqiy chegarada bir-biriga qarata o‘q uzdi, deb xabar beradi Reuters agentligi Birlashgan Millatlar Tashkilotidagi (BMT) ikki manbasiga tayanib.
Bugun, 27-yanvar kuni Associated Press agentligi xabariga ko‘ra, Goma shahrining barcha hududlarida tongdan boshlab otishma ovozlari eshitilgan. AFP agentligi esa diplomatik manbalarga tayanib, Goma shahri yaqinidagi KDR va Ruanda chegarasi yopilganini maʼlum qildi. Bu voqea, AFP maʼlumotiga ko‘ra, isyonchi guruhlar va Ruanda qo‘shinlari Gomaga kirganidan bir necha soat o‘tib sodir bo‘lgan.
Goma isyonchilar nazoratida
Dushanba kuni tongda M23 isyonchi harakatiga kiruvchi Kongo daryosi alyansi yetakchisi KDR sharqidagi eng yirik shahar — Gomani egallaganini eʼlon qildi. Bundan oldin isyonchilar Kongo armiyasini qurolni tashlashga chaqirgan edi. Kongo hukumati esa isyonchilarning shaharga yurishini “urush eʼlon qilish” deb atadi.
M23 va Kongo hukumatidagi keskinlik
So‘nggi haftalarda Kongo isyonchi harakati — «23 mart harakati» (M23) va KDR hukumati o‘rtasidagi mojarolar keskinlashdi. O‘tgan hafta isyonchilar Gomaga yetkazib berish yo‘llarining asosiy tarmog‘idagi Minova shahrini nazoratga oldi. Ikki kundan so‘ng ular Kongo armiyasining asosiy mudofaa nuqtasi bo‘lgan Sake shahrini ham egallashdi.
Ruanda va M23 isyonchilari o‘rtasidagi aloqalar
KDR hukumati M23 harakati Ruanda hukumatidan yordam olayotganini daʼvo qilmoqda. Goma shahri isyonchilar tomonidan egallanishidan bir kun oldin, Britaniya ommaviy axborot vositalari anonim manbalarga tayanib, Ruanda qurolli kuchlari Gomadan bir necha yuz metr narida chegarada qo‘shinlarini to‘plaganini xabar qilgan edi. Ruanda hukumati esa isyonchilarga yordam berayotganini rad etib kelmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 12904 | Инструменты