Tojikiston madaniyat vazirligi Abu Ali ibn Sino o‘zbek olimi sifatida taqdim etilgan CNN materialiga qarshiligini bildirdi. Madaniyat vaziri Matlubaxon Sattoriyon 27-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida nashr tarixiy faktlarni buzib ko‘rsatganini iddao qilmoqda.
“Bu qoʻshni davlatning rasmiy pozitsiyasi emas, balki tarixiy manbalarni mensimaydigan odamlarning asossiz bayonoti. Bunday xatti-harakatlarga qat'iy javob berish kerak, lekin diplomatik normalar doirasida", - deya ta'kidladi u.
Foto: Tojikiston madaniyat vazirligi
Vazir Avitsenna nomi bilan mashhur Ibn Sino tojik madaniyati va ilm-fanining atoqli namoyandasi ekanligini, uning merosi butun dunyoga tegishli ekanligini taʼkidladi. Tojikiston madaniyat vazirligi xalqaro ommaviy axborot vositalarini tarixiy shaxslarga oid materiallarni chop etishga ehtiyotkorlik bilan yondashishga va faktlarni buzib ko‘rsatishga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirgan.
Tojikiston madaniyat vazirligining ushbu iddaolariga nisbatan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Bobur Bekmurodov o'z munosabatini bildirdi.
"So‘nggi yillarda Markaziy Osiyo davlatlari o‘zaro do‘stona aloqalarni mustahkamlab, umumiy muammolarni birgalikda hal etishga intilmoqda.
Xalqlarimizni chuqur tarixiy ildizlar, madaniy qadriyatlar va kelajakka mushtarak nazar birlashtiradi.
Abu Ali ibn Sino kabi ulug‘ shaxslarning merosi butun mintaqa va butun dunyoga tegishlidir. Shu nuqtai nazardan, Tojikiston madaniyat vazirining CNN nashrida chop etilgan maqola yuzasidan bildirgan e'tirozi afsuslanarli. Bunday bayonotlar Markaziy Osiyo yakdilligi va birdamligi ruhiga mos emas.
Bugun biz “bu seniki” yoki “bu meniki” deb emas, asosiy e’tiborimiz mintaqamizning kelajagi uchun muhim bo‘lgan real ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy muammolarga qaratilishi kerak.
Markaziy Osiyo davlatlari iqlim o‘zgarishi, iqtisodiy o‘sishning barqarorligi va xavfsizlik kabi jiddiy muammolar bilan yuzlashmoqda. Ularni hal etish uchun o‘zaro hamkorlikni kuchaytirishimiz, birgalikda rivojlanish ustida bosh qotirishimiz zarur.
Biz o‘zaro hurmat, ishonch va umumiy farovonlikka intilish yo'liga sodiqmiz", deyiladi deputat munosabatida.
Foto: Bobur Bekmurodovning rasmiy sahifasidan
Ma'lumot o'rnida, Abu Ali ibn Sino 980-yilning 18-iyunida Buxoro yaqinidagi Afshona qishlogʻida tugʻilgan va 1037-yilning 16-avgustida Hamadonda vafot etgan. U Gʻarbda Avitsenna nomi bilan mashhur. U tavvalud topgan hudud ayni paytda Buxoro viloyatining Peshku tumaniga to‘g‘ri keladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 12905 | Инструменты