Joriy yilning 15-oktyabr - 4-noyabr kunlari Xitoyning Guanchjou shahrida jahondagi nufuzli iqtisodiy tadbirlardan biri – "Kanton ko'rgazmasi"ning kuzgi mavsumi bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA.
Uch bosqichda o'tkazilgan ko'rgazmada elektrotexnika va elektronika, qurilish materiallari hamda oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi sohalarida ishlab chiqarilgan mahsulotlar, shuningdek, zamonaviy va innovatsion texnologiyalar namoyish etildi.
Mamlakatimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlarning dunyo bozoriga eksport qilish hajmi, nomenklaturasi va geografiyasini kengaytirish maqsadida Bosh konsulxona tomonidan mazkur ko'rgazma pavilonida O'zbekiston O'simliklar karantini va himoyasi hamda Eksportyorlar uyushmasi bilan birgalikda "Made in Uzbekistan" milliy stendini tashkil etdi.
Ko'rgazma davomida mamlakatimizning 10 ga yaqin korxonalari qishloq xo'jaligi va undan qayta ishlangan mahsulotlar, farmatsevtika, qandolat va boshqa turdagi eksportbop tovarlarning taqdimotini o'tkazdilar. O'zbekistonda ishlab chiqarilayotgan elektrotexnika mahsulotlari namoyishi esa tashrif buyuruvchilarga katta taassurot qoldirdi.
O'zbekiston stendiga tashrif buyurgan xorijiy mehmonlar mamlakatimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlarning sifatini yuqori baholagan holda, ular ekologik toza va narx jihatdan raqobatbardosh ekanini ta’kidladilar.
"Kanton ko'rgazmasi" ilk bor 1957 yilda Xitoyning Guanchjou shahrida o'tkazilgan. U har yili ikki marotaba — bahor va kuz mavsumida dunyodagi yirik ko'rgazma maydoniga aylangan "Pachjou" markazida tashkil etiladi. Ko'rgazmada 20 mingdan ziyod xitoylik va xorijiy kompaniyalar ishtirok etadi, namoyish etilayotgan mahsulot turlarining soni esa 150 mingdan ortiq.
Alpha version: 0.9.1.19 build 110717 | Инструменты