Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) direktori Eldor Aripov Ko'rfaz tadqiqot markazi (Gulf Research Center) asoschisi va raisi Abdulaziz Sager bilan uchrashuv o'tkazdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA.
Suhbat chog'ida tomonlar global va mintaqaviy kun tartibidagi keng ko'lamli masalalarni muhokama qildilar. Dunyodagi yangi tendensiyalar Ko'rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi (KADHK) va Markaziy Osiyo mamlakatlari o'rtasidagi o'zaro qiziqishning ortishiga sabab bo'lmoqda.
Ikki mintaqa xalqlarining ko'p asrlik muloqot an'analariga tayanib, tomonlar savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar hamkorlikning ulkan salohiyatini ishga solishga harakat qilmoqda.
So'nggi paytlarda arab mamlakatlari mintaqa davlatlari iqtisodiyotining turli sohalariga faol sarmoya kiritmoqda, bunda energetika, infratuzilma, qishloq xo'jaligi va yuqori texnologiyalarga alohida e'tibor qaratilmoqda. Xususan, ularning Markaziy Osiyoga yo'naltirilgan investitsiyalari hajmi so'nggi o'n yil ichida deyarli uchdan birga ko'paygan bo'lsa, eksport hajmi esa uchdan bir qismdan ham ko'proqqa oshgan.
Ikki tomonlama aloqalar bilan bir qatorda, mintaqalararo formatdagi hamkorlik ham jadal rivojlanmoqda. Buning yaqqol isboti sifatida 2023-yilning iyulida o'tkazilgan Markaziy Osiyo va KADHK rahbarlarining ilk sammitini keltirish mumkin. Unda davlat rahbarlari 2027-yilgacha mo'ljallangan Qo'shma harakatlar rejasini ma'qulladilar.
Davlat rahbarlari tomonidan ilgari surilgan tashabbus va takliflarning amaliy ijrosini ta'minlash maqsadida, SMTI va Ko'rfaz tadqiqot markazi o'rtasida kelishuv imzolandi. Unga ko'ra, O'zbekistonda bo'lib o'tadigan Ko'rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi va Markaziy Osiyo davlatlari ikkinchi sammiti arafasida, Markaziy Osiyo-KADHK tahliliy markazlarining birinchi forumini birgalikda tashkil etish rejalashtirildi.
Uchrashuv davomida yetakchi ilmiy-tadqiqot tashkilotlar vakillari o'zaro manfaatli bo'lgan sohalarda ko'p tomonlama hamkorlikni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qilishlari hamda o'zaro foydali sheriklikni yana-da chuqurlashtirishga qaratilgan aniq takliflar ishlab chiqishlari kutilmoqda.
"Gulf Research Center" (GRC) 2000-yilda tashkil etilgan yetakchi tahlil markazi hisoblanadi. Markaz Ko'rfaz mamlakatlarining ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy jihatlarini o'rganishga ixtisoslashgan. GRC xalqaro munosabatlar sohasida dunyoning eng nufuzli 150 ta tahliliy markazlari qatoriga kiradi. Markaz BMT Iqtisodiy va ijtimoiy kengashi (ECOSOC) va BMTning Atrof-muhit bo'yicha dasturi (UNEP) huzurida akkreditatsiyadan o'tgan kuzatuvchi maqomiga ega. U Osiyo, Yaqin Sharq, Afrika, Yevropa va AQShning 90 dan ortiq tahliliy tuzilmalari bilan hamkorlik aloqalarini o'rnatgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 30120 | Инструменты