O'zbekiston Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Shahlo Turdiqulova Butunjahon fanlar akademiyasi (TWAS) a'zosi etib saylandi, deb xabar beradi "Dunyo" AA.
Olima bu yilgi saylovlarda MDH va Markaziy Osiyodan yagona vakil bo'ldi. O'zbekiston tarixida bu nufuzli Akademiyaga saylangan yettinchi akademik olim sifatida e'tirof etildi.
Butunjahon fanlar akademiyasi prezidenti, professor Quarraysha Abdul Karim Shahlo Turdiqulovani tabriklab, uni diplom topshirish marosimiga taklif qildi.
O'tgan saylovda jami 74 nafar olimlar (50 nafar erkak va 24 nafar ayol) saylanib, TWAS akademiklarining umumiy soni 1444 nafarga yetdi. Akademiklikka diplom topshirish marosimi 2025-yil boshida Italiyaning Triyest shahridagi Akademiya bosh qarorgohida bo'lib o'tishi rejalashtirilgan.
Shahlo Turdiqulova "COVID-19" ga qarshi O'zbekiston-Xitoy vaksinasining hammuallifi, O'zbekistonda nashrlar soni bo'yicha eng yuqori impakt-faktorga ega, shuningdek, "Nature" jurnalida maqolalari uch marta chop etilgan mamlakatimizdagi yagona olimadir. U 2024-yil aprel oyida Fanlar akademiyasining vitse-prezidenti etib tayinlandi va tashkilotning 80 yillik tarixida ushbu lavozimni egallagan birinchi ayol bo'ldi. Olima shuningdek, Ilg'or texnologiyalar markazi qoshidagi inson genetikasi va biotexnologiyalari ilmiy maktabining asoschisi va rahbari hisoblanadi.
Shahlo Turdiqulovaning Butunjahon fanlar akademiyasiga a'zo etib saylangani O'zbekiston ilmiy salohiyatini yuksaltirish, jahon ilm-faniga qo'shayotgan hissasi ortib borayotganini namoyish etishda muhim qadam bo'ldi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 112619 | Инструменты