Huawei 1
O'zbekistonlik o'quvchilar Singapurdagi xalqaro matematika olimpiadasida 7 ta oltinni qo'lga kiritdi

21-iyul kuni nufuzli Singapur xalqaro matematika olimpiadasining (Singapore International Math Olympiad Challenge 2024 - SIMOC) final bosqichi bo'lib o'tdi.

Mazkur xalqaro matematika olimpiadasida Yaponiya, Yangi Zelandiya, Turkiya, Janubiy Koreya, Singapur, Kanada, Xitoy, Malayziya, Indoneziya, Hindiston, Meksika, Eron, Tailand, Filippin, Pokiston, Vyetnam, O'zbekiston singari 27 davlatdan 2200 dan ortiq maktab o'quvchilari o'z bilimlarini sinovdan o'tkazishdi.

Saralash bosqichlari avvalroq ishtirokchi mamlakatlarda boshqotirma (MindSports) va matematik masalalar (MathWarriors) kabi formatlarda o'tkazilgan. Qizg'in kechgan bellashuvlardan so'ng eng yuqori bal to'plagan turli yosh toifalaridagi o'quvchilardan tashkil topgan mamlakat terma jamoalari milliy tanlovning final bosqichiga yo'l oldi.

Singapurda O'zbekistonni 74 nafar boshlang'ich va o'rta maktab o'quvchilaridan iborat yosh bilimdonlar jamoasi taqdim etdi. O'quvchilarimiz o'z zukkoliklarini, ijodkorlik va ajoyib matematik qobiliyatlarini namoyish etdilar. Yakunda ular 7 ta oltin, 9 ta kumush va 16 ta bronza medallarini qo'lga kiritishdi.

Jamoaviy bahslarda O'zbekiston terma jamoasi mukofotlar soni hamda matematika va mantiq fanlari bo'yicha bilim darajasi bo'yicha kuchli o'ntalikka kirdi. Ushbu yutuq mamlakatimizning xalqaro matematika ta'limi maydonidagi o'rnini yana-da mustahkamladi, shuningdek, o'zbek maktab o'quvchilari tayyorgarligi, o'qituvchilarining mahorati yuksakligining yaqqol ifodasi bo'ldi.

Xalqaro maydondagi ushbu g'alaba O'zbekiston Prezidenti tomonidan mamlakatimizda tabiiy fanlarni o'qitish sifatini oshirish, texnika ta'limini rivojlantirishga qaratilayotgan e'tiborni to'la namoyon etadi. O'zbekiston terma jamoasining matematika olimpiadasida erishgan muvaffaqiyati ana shu strategik tashabbuslar timsoli bo'lib, o'zbek maktab o'quvchilarining yorqin natijalari nafaqat ularning shaxsiy yutuqlari, balki ta'lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini ham ko'rsatadi.

O'zbekiston jamoasining yuqori salohiyatini inobatga olgan olimpiada tashkilotchilar SIMOC shafeligida Xalqaro matematika olimpiadasining navbatdagi bosqichlaridan birini O'zbekistonda o'tkazishdan manfaatdor ekanligini bildirdi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 91623 | Инструменты