Avvalroq, ushbu masalani bloger Nikita Makarenko ko'tarib chiqqan edi
Bloger Nikita Makarenko o'z sahifasida hududlarda maktab yoshidagi bolalar haqida ma’lumotlar yig‘ish uchun o‘qituvchilar jalb qilinayotgani haqida yozdi. U O‘zbekistonning turli viloyatlarida ishlovchi 30 ga yaqin o‘qituvchilarning ko‘p yillardan buyon uyma-uy, xonadon yurib, bolalar haqida ma’lumot to‘plash bilan shug‘ullanayotgani aks etgan sharhlarini e’lon qildi.
"Bularning barchasi, o‘qituvchilarning ko‘rsatmasiga ko‘ra, maktab direktorlari va tuman xalq ta’limi bo‘limlarining sirtdan berilgan buyruqlari asosida sodir bo‘lyapti. Bu holatda Xalq ta’limi vazirligi befarq. Ehtimol vazirlik muammodan xabardor va ommaviy bayonotlarga qaramay zamonaviy qullikning ushbu shakliga samarali barham berish qo‘lidan kelmaydi", — deya ta'kidladi bloger.
Shundan so'ng, Mass-media fondi Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva o'z sahifasida bu muammoga to'xtalib o'tdi.
"O‘qituvchilarni xuddi yigirma yil oldingi kabi yana xonadonlarni aylanib chiqishga va o‘quvchilar ro‘yxatini tuzishga majbur qilishayotgani haqida eshitib, juda xafa bo‘ldim.
Men o‘qituvchilarga bo‘lgan munosabatni qayta ko‘rib chiqish o‘ta zarur deb hisoblayman va mutasaddilardan ularning zimmasiga keraksiz va noqonuniy vazifalar yuklashni bas qilishlarini so‘rab qolaman.
O‘qituvchilarning asosiy vazifasi — farzandlarimizga bilim berish orqali mamlakatimiz kelajagini ta’minlashdir. Buning o‘zi juda murakkab vazifa. Ta’lim yo‘nalishida shundoq ham muammolar g‘ij-g‘ij bo‘lib turganida, ustiga-ustak o‘qituvchilar gardaniga yana qandaydir qo‘shimcha vazifalar yuklash — bu endi ortiqcha. O‘qituvchilarni ortiqcha ishlarga majbur qilish nafaqat maktabga, balki O‘zbekiston kelajagiga ham zarar yetkazadi.
Men barcha mas’ul shaxslardan ushbu muammoni imkon qadar tezroq hal qilish va o‘qituvchilardan dars berishdan boshqa barcha vazifalarni ozod qilishini so‘rayman", - deya fikr bildirgan Saida Mirziyoyeva.
So'ngra, muammoga Xalq ta'lim vazirligi munosabat bildirdi.
Unga ko'ra, hukumatning 2017-yildagi 140-son qaroriga muvofiq, maktab rahbariyati o‘z maktabiga biriktirilgan mikrohududda yashayotgan va kelgusida maktabga kelishi mumkin bo‘lgan bolalar to‘g‘risidagi ma’lumotga ega bo‘lishi kerakligi qayd etildi.
"Shu bilan birga, bu jarayon bugungi kunda elektron tizim orqali amalga oshirilib, buning uchun maktab pedagoglari uyma-uy yurishi zaruriyati yo‘q. So‘nggi 2 yildan buyon Toshkent shahri va viloyatlar markazlaridagi umumta’lim maktablarida 1-sinfga qabul jarayonlari elektron shaklda (onlayn) amalga oshirilmoqda", — deyiladi vazirlik xabarida.
"Joylardagi ayrim rahbarlarning „tashabbusi“ bilan mikrohudud bo‘yicha ma’lumotlarni yig‘ish jarayoniga va ularni faoliyatiga aloqador bo‘lmagan ishlarga jalb qilish esa mutlaqo taqiqlanganligini eslatib o‘tamiz", — deyiladi XTV munosabatida.
Prezidentning 2018 yildagi [PQ-3907-son] qaroriga muvofiq, umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘qituvchilarining dars va to‘garak mashg‘ulotlarini tashkil etish hamda sinf jurnalini yuritishdan tashqari boshqa pedagogik yuklamalar bo‘yicha hisobotlar va qo‘shimcha ma’lumotlarni talab qilish hamda xalq ta’limi xodimlarini xizmat majburiyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga jalb etish qat’iyan taqiqlangan.
Xalq ta’limi vazirligi barcha maktab direktorlari va pedagog xodimlariga ularning lavozim majburiyatlariga kirmaydigan ishlarga jalb etish qat’iyan ta’qiqlangani, bu kabi holatlar yuzaga kelgan taqdirda vazirlikning 71−202−09−09 ishonch telefoniga murojaat etishlari mumkinligini eslatib o‘tdi.
Shuningdek, Prezident Administrasiyasi tomonidan Xalq ta’limi vazirligi hamda tegishli mutassaddilarga o‘qituvchilar zimmasiga yuklatilgan barcha ortiqcha vazifalarni inventarizatsiya qilish hamda ularni taqiqlash yuzasidan tegishli ko‘rsatma berildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 30504 | Инструменты