Huawei 1
Qanday toifadagi bemorlar imtiyozli davolanish huquqiga ega?

Sir emas, yaqin yillargacha ehtiyojmand bemorlarning viloyat yoki respublika tibbiyot muassasalarida davolanishlari uchun qog‘oz shaklidagi “order” tizimidan foydalanib kelingan.

Biroq bunday imtiyozlarni berishda ko‘pincha korrupsion holatlarga yo‘l qo‘yilgan. Oqibatda fuqarolar turli qiyinchiliklarga duch kelgan. Bu esa haqiqiy ehtiyoji bor aholining davolanish uchun yillab navbatda turishiga yoki “order” ololmay, sarson bo‘lishiga sabab bo‘lgan.

Aytish lozimki, davlatimiz rahbarining 2021 yil 28 iyuldagi PQ-5199-son qaroriga muvofiq bunday amaliyotdan butunlay voz kechildi. Natijada Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarga kvota asosida “order” berish tartibi bekor qilinib, ularni elektron tizim orqali hisobga olish va navbat asosida davolanishga yo‘llash tizimi joriy etildi.

— Bu orqali sohada shaffof mexanizmlar amaliyotga tatbiq qilindi, — deydi Tibbiy yordamni tashkillashtirish departamenti bo‘lim boshlig‘i Azizbek Hamroqulov. — Natijada aholiga Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali o‘zining murojaati hamda navbati haqidagi axborotni olish imkoniyati yaratildi.

Bu yo‘llanma elektron axborot tizimida avtomatik ravishda shakllantirilib, bemor davlat yoki nodavlat tibbiyot tashkilotida tibbiy xizmatlardan foydalanishni ixtiyoriy tanlaydi.

Xo‘sh, ushbu toifaga qanday shaxslar kiradi?

Prezidentning 2003 yil 26 fevraldagi PF-3214-son farmonida yuqori texnologik ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatuvchi tibbiyot tashkilotlari tomonidan Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan tibbiy yordam ko‘rsatiladigan 20 ta imtiyozli toifadagi shaxslar ro‘yxati keltirilgan.

Jumladan, yetim bolalar, I va II guruh nogironligi bo‘lgan, yoshga oid pensiyaga chiqqan va ishlamaydigan hamda 1941–1945 yillardagi urush oqibatida nogiron bo‘lgan shaxslar va uning qatnashchilari, shuningdek, ularga tenglashtirilgan shaxslar, baynalmilalchi-jangchilar, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali kam taʼminlangan oilalarning bolalar nafaqasi va moddiy yordam oluvchi aʼzolari, Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalarning aʼzolari va oylik daromadi oila aʼzolarining har biriga minimal isteʼmol xarajatlari miqdorining 2 baravaridan ko‘p bo‘lmagan oilalarning aʼzolari imtiyozli davolanish huquqiga ega.

Bemor davolanganidan so‘ng Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi ushbu muassasaga bazaviy narxlar doirasida ko‘rsatilgan tibbiy xizmatlarni asoslovchi hujjatlarga muvofiq sarflangan mablag‘larni Davlat byudjeti hisobidan o‘tkazib beradi.

Mazkur imtiyoz asosida shifoxonada davolanayotgan shaxslarga o‘z hisobidan dori vositalari va tibbiy buyumlar buyurilishi aslo mumkin emas.

Shifoxonada bemorlar tomonidan olib kelingan dori vositalar va tibbiy buyumlarni ishlatishga ruxsat berish tartibi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan.

Bu boradagi huquqiy asos Prezidentimizning 2022 yil 26 oktyabrdagi PQ-411-son qarorida belgilab qo‘yilgan. Unga ko‘ra, bemorlarni davolash uchun talab etiladigan dori vositalari va tibbiy buyumlar to‘liq shifoxona tomonidan xarid qilinadi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 22207 | Инструменты