Qandli diabet asoratlari bolalar uchun qanchalik xavfli va bu kasallikdan bolalarni himoya qilish choralari qanday?
Qandli diabet yildan yilga yasharib bormoqda. Bu dardga chalinganlar orasida yosh bolalar, hatto chaqaloqlar ham borligi xavotirli holat.
Mutaxassislarning bu tashvishida asos bor. Chunki hayotining ilk yillaridayoq farzandining bunday hastalikka chalinishini hech bir ota-ota xayoliga keltirmaydi. Ammo tibbiy xulosalar buning aksini isbotlab turibdi.
"Xastalikning ushbu turi bolalar va o‘smirlar orasida eng ko‘p tarqalgan endokrin kasallik hisoblanadi. Bu dard bilan xastalanish darajasi geografik joylashuv, iqlim sharoiti va atrof-muhit omillariga qarab sezilarli farq qiladi", - deydi Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Bolalar ilmiy bo‘limi mudiri Nasiba Alimova.
Ho'sh, qandli diabetning ilk belgilari qanday bo'ladi?
Organizmda insulin yetishmovchiligi hisobiga bemorlarda tez-tez peshobga chiqish, ko‘p miqdorda suyuqlik ichish, holsizlik, ozib ketish kabi ilk belgilar namoyon bo‘ladi. Farzandida shu kabi alomatlarni kuzatgan ota-onalarning ko‘pchiligi diabet haqida o‘ylashmaydi. Oilaviy shifokorga murojaat qilishganda ham, agar bola organizmidagi qand miqdori o‘lchanmasa, bu kasallik haqida xulosa qilish qiyin bo‘ladi.
Oqibatda bemor birlamchi tibbiyot muassasasidan endokrinolog qabuliga yetib kelguniga qadar ko‘p vaqt yo‘qotiladi. Shu tufayli uning ahvoli o‘ta og‘ir darajaga yetib borishini ham kuzatish mumkin.
Shu sababli hozir Endokrinologiya markazi birlamchi tibbiyot muassasalari xodimlari bilan yaqin hamkorlik o‘rnatib, ularga bolalar yuqoridagi belgilar bilan tibbiyot muasasalariga murojaat qilganda, dastlabki tibbiy ko‘riklar qatorida qondagi qand miqdorini o‘lchashni ham tavsiya qilib kelmoqda.
Bolalarni ushbu kasallikdan himoyalash uchun ota-onalar nima qilishlari kerak?
Odatda normal qand miqdori 3.3 dan 5.5 mmolgacha bo‘lib, uning bu ko‘rsatkichdan oshishi kuzatilsa, mutaxassis bemorni endokrinolog qabuliga yo‘naltirishi lozim. Shundagina bolada qandli diabet asoratli kechishining oldi olinib, uning faol hayotga qaytishi tezlashadi.
Qandli diabet bilan ham to‘laqonli hayot kechirish mumkin. Bu kasallikning o‘zi emas, asoratlari xavfli hisoblanadi. Bundan himoyalanish uchun ota-onalardan farzandining kundalik faoliyati va ovqatlanish ratsioniga e’tiborli bo‘lishlari talab etiladi. Sog‘lom turmush tarzi, turli xil sport turlari bilan shug‘ullanish, kompyuterdan me’yorida foydalanish, shu bilan birga, o‘z vaqtida emlanish zarur.
Qandli diabet asoratlari bolalar uchun qanchalik xavfli?
Epidemiologik tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, oxirgi o‘n yil ichida qandli diabetning 1-turi bilan kasallanish, ayniqsa, 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar orasida ortib bormoqda. U autoimmun xastalik bo‘lib, atrof-muhitdagi patogenetik omillar (toksin, virus) pankreatin beta-hujayralarni shikastlaydi. Zararlanish 70-80 foizga yetgach, xastalikning klinik manzarasi namoyon bo‘ladi.
Agar o‘z vaqtida tashxis va davo choralari ko‘rilmasa, og‘ir asoratlar yuzaga kelishi mumkin. 1 yoshgacha bo‘lgan bolalar va chaqaloqlarda turli asosiy kasalliklar sababli qand miqdorining ko‘tarilishi yoki gipperglikemik sindrom kuzatiladi.
Kasallik nasldan naslga o'tadimi?
Bolalar endokrinologi, tibbiyot fanlari nomzodi Shahnoza Azimovaning so'zlariga ko'ra, qandli diabetning 1-turi autoimmun kasallik bo‘lganligi uchun nasldan naslga o‘tadi.
Shunga qaramay, bola qat’iy parhezga amal qilsa, jismoniy faol bo‘lsa va doimiy holati nazorat qilib borilsa, kasallikning kechki asorati oldi olingan bo‘ladi.
Agar aksi kuzatilsa, ko‘z, buyrak faoliyatida buzilish qayd etiladi. Mayda va katta qon tomirlaridagi asoratlar bilan birga, bo‘y o‘smasligi va jinsiy rivojlanishning orqada qolishi holatlari kuzatiladi. Ushbu belgilar qandli diabetning kechki asoratlaridan hisoblanadi.
Mavzuga doir:
Olimlar qandli diabetni ilk alomatlari paydo bo‘lishidan oldin uni aniqlash yo‘lini topdi.
Tunda chiroqni yoqib uxlash qandli diabet va yurak kasalliklariga sabab bo‘ladimi?
Qondagi qand miqdorini doimiy tarzda kamaytirib yurish uchun nimalarga ahamiyat berish lozim?
Alpha version: 0.9.1.19 build 120301 | Инструменты