Qashqadaryoda Qizil kitobga kiritilgan ayiqni otib o‘ldirganlarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Avvalroq, Qashqadaryoning Chiroqchi tumanidagi qishloqqa Qizil kitobga kiritilgan yovvoyi ayiq adashib kelib qolgani, keyinroq u otib o‘ldirilgani haqida xabar berilgan edi. Bugun Bosh prokuratura holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini maʼlum qildi.

Xabarga ko‘ra, Chiroqchi tumanida Qizil kitobga kiritilgan Tyanshan qo‘ng‘ir ayig‘i otib o‘ldirilgani yuzasidan Jinoyat kodeksining 202-moddasi (hayvonot yoki o‘simlik dunyosidan foydalanish tartibini buzish) 3-qismi “j” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ma'lumot uchun, shu yilning 5-aprel kuni taxminan soat 23:00 larda ayiq Qumdaryoga yaqin joydagi jarlikda hosil bo‘lgan g‘or ichiga kirib olgandan so‘ng bu yerda aholi to‘plangan. Mahalliy hokimlik vakillaridan iborat ishchi guruh tomonidan o‘z vaqtida tegishli chora-tadbirlar ko‘rilmagani bois ayiq bezovtalanib, jarlikdan tepaga chiqishga uringan.

Shundan so‘ng Chiroqchi tumani IIB boshlig‘i A.B. atrofga yig‘ilgan aholi xavfsizligini taʼminlash maqsadida ovchi D.A.ga ayiqqa o‘q uzishga ko‘rsatma bergan. 

Natijada ayiqning joni uzilgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 10509 | Инструменты