Huawei 1
Qatar o‘zbekistonliklar uchun mamlakatdagi ish o‘rinlari sonini oshiradi

Qatar o‘zbekistonliklar uchun mamlakatdagi ish o‘rinlari sonini oshiradi. Bu haqda Migratsiya agentligi matbuot xizmati xabar berdi

Dohada Migratsiya agentligi, Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekistonning Qatardagi elchixonasi mutasaddilaridan iborat delegatsiya aʼzolarining Qatar davlati Mehnat vaziri o‘rinbosari Shayna Najva Bint Abdulrahmon Al-Soniy bilan uchrashuv o'tkazdi. 

Foto: Migratsiya agentligi matbuot xizmati

Muloqotda Najva xonim mamlakatida ishchi kuchiga talab yuqori ekanligini alohida qayd etdi. Qatarga malakali ishchi kuchini jalb qilish yuzasidan O‘zbekiston bilan katta loyihalarni amalga oshirish imkoniyati borligi taʼkidlandi.

"Hozirda Qatarda 560 nafar o‘zbekistonlik turli sohalarda mehnat faoliyatini olib boryapti. Bu tomonlar o‘rtasidlagi mavjud salohiyatni namoyon etmaydi. Buni bir necha karraga ko‘tarish uchun imkoniyatlar bor. Ayni omillarga eʼtibor qilib, biz O‘zbekistondan malakali ishchi kuchini jalb qilish bo‘yicha hamkorlikga, Qatar Mehnat vazirligi sifatida o‘zbekistonliklar uchun kvotalar sonini keskin oshirishga tayyormiz", - dedi Qatar Mehnat vaziri o‘rinbosari Shayha Najva Bint Abdulrahmon Al-Soniy. 

Uchrashuvda muhim hujjatga qo‘l qo‘yildi.

Migratsiya agentligi va Qatarning eng yirik davlat rekruting kompaniyasi “Jusour” bilan hamkorlik memorandumi imzolandi. 

Bu o‘z ichiga tibbiyot, turizm, mehmonxona biznesi, IT, muhandislik va boshqa sohalar mutaxassislarini Qatar bozoriga yo‘naltirish imkonini beradi. “Jusour” kompaniyasi ish beruvchilarning juda katta tarmog‘i bilan hamkorlik qiladi va bu ish o‘rinlarini tezkor topish va joylashtirishga xizmat qiladi.

Qatarda ishlamoqchi bo‘lgan nomzodlarni O‘zbekistonda til va kasbga tayyorlash bo‘yicha loyiha amalga oshiriladi. 

Qatarda ishlash istagida bo‘lganlar uchun 10 kun muddatda ishchi vizasi chiqadi

Shuningdek, O'zbekiston hukumati delegatsiyasi Dohada Qatar Ichki ishlar vazirligi Pasport bosh boshqarmasi boshlig‘i, general Muhammad Ahmat al Atiq ad-Dusariy bilan ham uchrashuv o'tkazishdi

Muloqotda Qatarda vaqtinchalik ishlash istagida bo‘lgan o'zbekistonliklarning ishchi vizalarini olish tizimini yengillashtirish masalalari muhokama qilindi.

Foto: Migratsiya agentligi matbuot xizmati

“Qatar davlati Mehnat va Ichki ishlar vazirligi O‘zbekistonlik yoshlarni mamlakatimiz kompaniyalariga ishga joylashtirishni qo‘llab-quvvatlaydi va ularga viza berish jarayonini maksimal yengillashtirib 10 kun ichida taqdim qilamiz”, - dedi Genaral Dusariy.

Eslatib o'tamiz, bundan oldin Migratsiya agentligi va Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi hamkorligida “Japan Career Portal” ishga tushirilgani haqida xabar bergan edik. “Japan Career Portal” O‘zbekiston fuqarolariga Yaponiyada mehnat migratsiyasi, taʼlim va yashash imkoniyatlari haqida ishonchli maʼlumotlarni taqdim etuvchi universal platforma sanaladi. Bundan tashqari, yaponiyalik ish beruvchilarga o‘zbekistonlik mutaxassislarning salohiyati va kasbiy sifatlari haqida to‘liq maʼlumotlar taqdim etib boriladi.

Maqola muallifi: I. Farhodova

Izohlar: 2
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 70111 | Инструменты