Huawei 1
Qonun bilan beg‘araz donorlik harakati uchun yangi imtiyozlar joriy etilmoqda

Senatning yalpi majlisida “Donorlik harakatini qo‘llab-quvvatlash tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.

O‘zbekistonda qon bilan ishlash xizmati muassasalari faoliyatini yana-da takomillashtirish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va zamonaviy tibbiy jihozlar bilan taʼminlash ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Shuning barobarida respublika aholisi orasida beg‘araz donorlik harakatini rivojlantirishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Mazkur Qonun bilan bir qator yangiliklar joriy etilmoqda. Xususan, “O‘zbekiston Respublikasi faxriy donori” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan shaxs uchun bir yo‘la beriladigan pul mukofoti bazaviy hisoblash miqdori (BHM)ning 15 baravari etib mustahkamlanmoqda (muqaddam BHMning 5 baravari miqdorida bo‘lgan).

Ushbu ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan donorlarga o‘zlari uchun qulay bo‘lgan vaqtda har yilgi mehnat taʼtiliga chiqish, shahar yo‘lovchilar transportidan (yo‘nalishli va yo‘nalishsiz taksilardan tashqari) bepul foydalanish, sanatoriy-kurortlarda davolanish uchun yo‘llanmalarni navbatsiz olish huquqi berilishi belgilab qo‘yilmoqda.

Mahalliy davlat hokimiyati organlariga o‘z vakolatlari doirasida aholi orasida beg‘araz donorlik madaniyatini shakllantirish, uni keng jamoatchilik ishtirokida rivojlantirish, donorlarga sifatli xizmatlar ko‘rsatish va ular uchun qulay shart-sharoitlar yaratish choralarini ko‘rish kabi vazifalar yuklatilmoqda.

Ushbu qonun donorlarni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishning qo‘shimcha huquqiy asoslarini yaratish orqali aholi orasida beg‘araz donorlik madaniyatini shakllantirishga xizmat qiladi.

Muhokama yakunida qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 22210 | Инструменты