Huawei 1
“Qonunchilikda jurnalist faoliyatiga aralashish taqiqlangan, biroq bu tartibni buzganlik uchun javobgarlik yo‘q” — AOKA direktori

O‘zbekistonda mansabdorlar tomonidan jurnalistlar faoliyatiga aralashish holatlari kuzatilmoqda. Bu haqda 19-oktyabr kuni Toshkent shahrida tashkil etilgan tadbirda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (AOKA) direktori Asadjon Xo‘jayev maʼlum qildi, deya xabar berdi Daryo.uz.

Poytaxtda “Xalqaro hamkorlik tashabbuslari haftaligi” davom etmoqda. Haftalik doirasida O‘zbekistonda so‘z erkinligini taʼminlashga doir muloqot bo‘lib o‘tmoqda. Tadbirda Asadjon Xo‘jayev mamlakatda so‘z erkinligi bilan bog‘liq yutuqlar bilan birga, muammolar ham mavjudligini aytdi.

“Ayrim amaldorlar OAVda chiqarilgan tanqidiy materiallarni olib tashlash yoki o‘zgartirishni so‘rab, jurnalist faoliyatiga aralashishga urinmoqda. Biz bunday holatlarni bartaraf etish ustida ishlayapmiz. Qonunchilikda jurnalist faoliyatiga aralashmaslik belgilangan. Lekin bu tartibni buzganlik uchun javobgarlik yo‘q. Hozirda bunday qonunbuzarlik uchun javobgarlikni taʼminlash bo‘yicha maxsus qonun loyihasi ishlab chiqqanmiz. Yangi saylangan parlamentga ushbu hujjatni kiritamiz”, dedi AOKA rahbari.

Muloqotda Asadjon Xo‘jayev “Axborot kodeksi” ishlab chiqilayotgani, hujjat keng qamrovli bo‘lishini aytdi.

“Kodeks o‘zida 8 ta qonunni birlashtiradi. Hujjatda axborot olish, izlash va undan foydalanish, mediamakonni tartibga solish kabi barcha jihatlar qamrab olinadi. Bu tor sohaviy kodeks emas, har bir fuqaroga tegishli bo‘ladi. Kodeksni ishlab chiqishda YUNESKO va YXHT ekspertlari tavsiyalar bermoqda. Hozir hujjatni tayyorlash jarayoni yakuniy bosqichda. Yaqinda kodeksni keng jamoatchilik bilan muhokama qilib, parlamentga kiritish harakatidamiz”, dedi agentlik masʼuli.

“Axborot kodeksi” bundan ikki yil avval ishlab chiqilib, jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgandi. Asadjon Xo‘jayev o‘z chiqishida hujjat ustida ko‘proq ishlanayotgani, uni shoshmasdan qabul qilish zarurligini aytdi.

Shu bilan birga, AOKA masʼuli ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar bo‘yicha ayrim maʼlumotlarni ochiqladi.

“O‘zbekistonda internetdan foydalanuvchilar soni 32 million kishidan oshdi. Bugun mamlakatdagi barcha ijtimoiy tarmoqlarning 66 million auditoriyasi bor. Xususan, Telegram’dan 28 million kishi foydalanadi. Ilgari OAVni ro‘yxatga olish qo‘l rejimida bo‘lardi. Hozir jarayon raqamlashtirilib, onlayn ro‘yxatdan o‘tkazish mumkin bo‘ldi. Hammasi elektron ravishda bo‘lyapti. Avval ro‘yxatdan o‘tishga 15 kun ketgan bo‘lsa, hozir bu 10 kunga qisqargan”, dedi u.

Maʼlum qilinishicha, hozirda O‘zbekistondagi ommaviy axborot vositalari soni 2340 taga yetgan. Shundan internet saytlari 738 tani tashkil etmoqda. OAVning 65 foizi nodavlat hisoblanadi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 101914 | Инструменты