Huawei 1
“Banklardagi davlat ulushini 40 foizgacha kamaytiramiz” — Markaziy bank raisi o‘rinbosari Behzod Hamrayev

O‘zbekistonda banklardagi davlat ulushini 40 foizga pasaytirish maqsad qilingan. Bu haqda Markaziy bank raisi o‘rinbosari Behzod Hamrayev maʼlum qildi, deya xabar berdi Daryo.uz.

Toshkent shahrida “Xalqaro hamkorlik tashabbuslari haftaligi” doirasida O‘zbekistondagi makroiqtisodiy vaziyatga doir sessiya o‘tkazildi. Muloqot yakunida Behzod Hamrayev jurnalistlar bilan bank sektoridagi kutilmalar to‘g‘risida suhbatlashdi. Markaziy bank masʼulining aytishicha, banklardagi davlat ulushini kamaytirib borish rejalashtirilgan.

“Bu maqsad bank tizimini rivojlantirish dasturimizda belgilangan. Hujjatda banklardagi xususiy sektor ulushi 60 foizga yetishi, davlatniki esa 40 foizga tushirilishi ko‘zda tutilgan. Avvallari banklardagi davlat ulushi 80 foiz bo‘lgan. “Ipotekabank” sotilgach, bu ko‘rsatkich 67 foizga pasaydi. Davlat banklarini xususiylashtirish bo‘yicha hukumatning aniq rejalari bor. Ular amalga oshsa, banklardagi davlat ulushi 48 foizga kamayadi. Maqsadimiz bu ko‘rsatkichni 40 foizgacha pasaytirishdan iborat”, dedi Markaziy bank masʼuli.

Behzod Hamrayev shuningdek, “banklarda davlat ulushi yuqori bo‘lishi samaralimi”, degan savolga qisqa javob berdi.

“Menimcha, gap bankning qanchalik samarali ishlashida. Masalan, banklardagi davlat ulushi 50–60 foiz bo‘lsa ham ular yomon ishlamasligi mumkin. Agar davlat banklari faqat davlat korxonalariga imtiyoz va kredit bersa, raqobatga salbiy taʼsir ko‘rsatsa, demak samaradorlik past bo‘ladi”, dedi mutaxassis.
Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 101916 | Инструменты