O‘zbekistonda faoliyat yuritadigan har qanday sanoat korxonasi, xususan, sement zavodlari davlat ekologik ekspertizasining ijobiy xulosasini olish lozim.
Bu haqda Vazirlar Mahkamasining "Atrof-muhitga ta’sirni baholash mexanizmini yanada takomillashtirish to‘g‘risida"gi qarorida alohida belgilab qo‘yilgan.
Sement zavodlari uchun bir qancha talablar mavjud. Xususan, aholiga yaqin hududlar, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar va o‘rmon xo‘jaligi hududlari hamda ularga yaqin joylarda sement zavodlari qurish taqiqlanadi. Bunda zavodlar aholi turar joylaridan kamida 500 metr masofa uzoqlikda bo‘lishi lozim.
Shuningdek, unumliligi 99,5 foizdan kam bo‘lmagan zamonaviy filtrli chang-gaz tozalash uskunalari o‘rnatish talab qilinadi.
Zavod aholi turar joy binolariga yaqin joylashgan hollarda hududiy sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limlaridan sanitariya-meyoriy hujjatlarida belgilangan tartiblarga binoan ruxsatnomalar olish kerak bo‘ladi.
Shuningdek, ekologik ekspertizaning ijobiy xulosasini olish uchun I toifaga kiruvchi xo‘jalik subyektlarida atmosfera havosiga ustuvor turg‘un (tashkillashtirilgan) ifloslantiruvchi manbalardan chiqadigan tashlanmalarni tahlil qiluvchi avtomatik monitoring stansiyalari o‘rnatilishi talab qilinadi. Qolaversa, respublikada faoliyat yurituvchi barcha sement ishlab chiqarish tashkilotlarining atmosfera havosini ifloslantirish manbalarida namunalarni olish va tahlil qilish bo‘yicha avtomatik stansiyalar, shuningdek, ularga tutash hududlarda statsionar kuzatish punktlari (postlar) o‘rnatilishi kerak.
Shu bilan birga, sement zavodlari hududida atmosfera havosiga ko‘tariladigan changlarni bostirish maqsadida suv sepish tizimini uzluksiz olib borish, mazkur obyekt atrof-muhitni, yer usti va yer osti suvlarini neft mahsulotlari va chiqindilar bilan ifloslantirmasligi lozim.
Bundan tashqari, sement zavodlari hududida daraxtlar ekilishi, hududning kamida 25 foizi ko‘kalamzorlashtirilishi talab qilinadi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 30617 | Инструменты