AQSh prezidenti Donald Tramp Shimoliy Koreyani to‘liq yadrosizlantirishga chaqirdi. Pxenyan buni amalga oshmaydigan harakat sifatida baholadi. Bu haqda Arms Control Association xabar berdi.
15-fevralda Yaponiya, Janubiy Koreya va AQSh Shimoliy Koreyani “to‘liq yadrosizlantirishga qat’iy sodiqlik” to‘g‘risida bitim imzolagan edi. Kelishuvda uchala davlat ham o‘zlariga qilinadigan har qanday provokatsiya va tahdidlarga toqat qilolmasliklarini tasdiqlagan.
Bayonot Myunxenda AQSh davlat kotibi Marko Rubio, Yaponiya tashqi ishlar vaziri Ivaya Takeshi va Janubiy Koreya tashqi ishlar vaziri Cho Teyul bilan uchrashuvdan so‘ng e’lon qilingan.
Shimoliy Koreya yuqoridagi uch davlatni “Koreya yarimorolida kollektiv qarama-qarshilik va mojaro keltirib chiqarishda” aybladi va yadrosizlanish maqsadi “eskirgan va bema’ni” ekanini bildirdi. Bayonotda Shimoliy Koreya o‘zining yadroviy qurollarini “tinchlik va suverenitetni himoya qilish vositasi” deb atadi.
AQSh mudofaa vaziri Pit Xegset yadrosizlanish Tramp siyosatining bir qismi bo‘lishiga shubha bilan qaragan edi. Keyinchalik u yanvar oyida bildirgan bu noroziligining sababi Shimoliy Koreyaning “yadroviy davlat” maqomi ekanini aytgan. Janubiy Koreya esa Shimoliy Koreyani “hech qachon yadro quroliga ega davlat” sifatida tan olmasligini bildirgan.
Tramp 2018-yilda Singapurda Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In bilan uchrashganida, ikki davlat rahbarlari “Koreya yarimorolini to‘liq yadroviy qurolsizlantirish”ga chaqiruvchi qo‘shma deklaratsiyani imzolagan edi. Biroq o‘sha yili Shimoliy Koreyaning yadroviy doktrinasi o‘zgarib, mamlakat yangi harbiy imkoniyatlarga sarmoya kiritdi. Ushbu imkoniyatlar orasida Amerika qit’asini nishonga olishga qodir yadroviy raketalar ham mavjud.
Shuningdek, Shimoliy Koreya kelajakda raketa tizimlarini rivojlantirish niyati borligini ham qayd etgan. Tramp o‘z lavozimiga qaytganidan beri u bilan yana uchrashishga tayyorligini aytsa-da, Shimoliy Koreya hozirda Qo‘shma Shtatlar bilan muloqotni tiklashdan manfaatdor emas.
Kim Chen In armiyasi tashkil etilganining 77 yilligiga bag‘ishlangan nutqida mintaqada xavfsizlikni ta’minlash uchun yadro qurollarini ko‘paytirish kerakligini aytgan. U “cheksiz mudofaa” rejalarini takrorlab, Qo‘shma Shtatlarni mintaqada yadroviy strategik aktivlarni joylashtirish orqali mojaro xavfini oshirishda ayblagan.
Kelajakda Shimoliy Koreya va Janubiy Koreya o‘rtasidagi munosabatlarning yomonlashuvi AQShning har qanday diplomatik sa’y-harakatlarini yanada qiyinlashtirishi mumkin.
Alpha version: 0.9.1.19 build 30619 | Инструменты