Latviyaning "LETA" axborot agentligi "Termiz shahridagi xalqaro transport-logistika xabi BMT Global ta'minot tarmog'iga qo'shildi" sarlavhali maqola e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA.
"Shu yil 11-fevral kuni Termiz shahridagi Xalqaro ko'p funksiyali transport va logistika xabiga Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qochqinlar bo'yicha oliy komissari boshqarmasi (BMT QBOKB) Global ta'minot tarmog'i ombori maqomi berilishi munosabati bilan tantanali marosim bo'lib o'tdi", – deya ma'lum qilingan manbada.
Qayd etilganidek, tadbirda O'zbekiston Prezidentining Afg'oniston bo'yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev, BMT Bosh kotibining Afg'oniston bo'yicha maxsus vakili o'rinbosari Indrike Ratvatte, BMTning O'zbekistondagi doimiy muvofiqlashtiruvchisi Sabine Maxl, QBOKB mintaqaviy vakili Dumitru Lipkanu, QBOKBning Afg'oniston bo'limi rahbari Arafat Jamol, Surxondaryo viloyati hokimligi, O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligi, bojxona va chegara xizmatlari rahbariyati va boshqalar ishtirok etdi.
Xab O'zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan 2022-yilda BMT, xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlardan Afg'oniston va boshqa davlatlarga gumanitar yordamni markazlashtirilgan hamda manzilli yetkazib berishni ta'minlash maqsadida "TERMEZ CARGO CENTRE" MCHJ negizida tashkil etildi.
"O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasidagi nutqida jahon hamjamiyatini Afg'oniston muammosini hal etishda birlashishga chaqirar ekan, afg'on xalqiga ko'rsatilayotgan insonparvarlik yordami zaiflashmasligi kerakligini ta'kidlagan edi", – deb yozgan "LETA" AA.
Alpha version: 0.9.1.19 build 30620 | Инструменты