O'zbekiston Bosh konsulxonasida Sverdlovsk viloyatidagi "Spetsavtobaza" aksionerlik jamiyati direktori Natalya Zubova bilan uchrashuv bo'lib o'tdi.
Muzokaralar O'zbekiston Prezidentining "Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish jarayonlarini tartibga solish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida"gi qarorida belgilangan vazifalar ijro doirasida tashkil etildi. Unda O'zbekiston fuqarolarini qonuniy asosda ish bilan ta'minlash imkoniyatlari xususida fikr almashildi.
Natalya Zubovaning aytishicha, tashkilot qariyb 20 yildan ortiq vaqt mobaynida Sverdlovsk viloyatida tozalikka mas'ul bo'lib, 1500 dan ziyod xorijiy va mahalliy fuqarolarni ish bilan ta'minlab kelmoqda.
Korxona rahbari ta'kidiga ko'ra, hozirgi kunda korxonada 250 nafardan ortiq O'zbekiston fuqarolari vaqtincha ishlayapti. Ularning Rossiyada ishlashiga doir barcha hujjatlar va xarajatlar ish beruvchi tashkilot tomonidan qoplanadi.
Shuningdek, hozirgi kunda tashkilot qo'shimcha ishchi kuchiga ehtiyoj sezmoqda. Mazkur o'rinlar uchun dastlabki bosqichda 200 nafarga yaqin kishi ish bilan ta'minlanadi.
Tomonlar yangi ishchi kuchini jalb etish bo'yicha tanlovlar tashkil etish, ularning yashash va mehnat sharoitlari, mehnat faoliyatini amalga oshirishga ruxsat beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirish, fuqarolarni ish joyiga transfer qilish masalalari xususida ham fikr almashdilar.
Alpha version: 0.9.1.19 build 30620 | Инструменты