Huawei 1
Semizlik bolalarda qanday xavfli kasalliklarni keltirib chiqaradi?

JSST maʼlumotiga ko‘ra, tashkilotning Yevropa mintaqaviy byurosiga aʼzo davlatlarda yashovchi maktab yoshidagi har uch o‘g‘il-qizdan biri ortiqcha vazn yoki semizlikdan aziyat chekmoqda. Bu holat qizlarga nisbatan o‘g‘il bolalar orasida yuqori.

Xo‘sh, bu qaysi omillar bilan bog‘liq? Qanday xavfli asoratlari bor? Muammoning oldini olish uchun nimalar qilish lozim?

Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bo‘lim mudiri, tibbiyot fanlari nomzodi Nozimaxon Nazarova shu haqda maʼlumot berdi.

— Bu muammoning asosiy sababi noto‘g‘ri ovqatlanish, jismoniy faollik yetishmasligi, nosog‘lom turmush tarzi va genetik omillar bilan bog‘liq, — deydi mutaxassis.

— Masalan, hozir bolalar o‘rtasida transyog‘larga to‘yingan “fast-fud”lar, shirinliklar, yuqori kaloriyali oziq-ovqatlar, gazli va rangli ichimliklar isteʼmol qilish ommalashgan. Qolaversa, bo‘sh vaqtini televizor, kompyuter qarshisida yoki har xil gadjetlarda o‘tkazadigan o‘g‘il-qizlar safi kengaymoqda.

Bularning bari vazn ortishi va semizlikka olib kelyapti. Shu tufayli ham yangi asrda qator xavfli xastaliklarning tobora yasharishi kuzatilmoqda.

Masalan, semizlik — qandli diabetning 2-turini rivojlantiruvchi xavf. Agar bu kasallik bolalarda 18 yoshga to‘lgunga qadar paydo bo‘lsa, ularning umr ko‘rish davomiyligi qisqarishi ehtimoli ortadi.

Ateroskleroz, arterial gipertenziya kabi yurak-qon tomir xastaliklarining erta yoshda paydo bo‘lishida ham vazn ortishining taʼsiri katta.

Semirib ketish o‘g‘il bolalarda balog‘atga yetishning kechikishiga, qizlarda esa aksincha, tezlashishiga sabab bo‘ladi. Bu kelajakda bepushtlikni keltirib chiqarishi mumkin.

Vazn ortishi dastlab surunkali yog‘li jigar distrofiyasi, keyingi bosqichda esa jigar sirrozi kasalligini paydo qilishi ham tibbiyotda o‘z tasdig‘ini topgan.

Faol o‘sish davrida bolalarning suyak to‘qimalari hali to‘liq shakllanmagan bo‘ladi. Ortiqcha vazn ularda bo‘g‘im va umurtqa pog‘onasi xastaliklarini yuzaga keltirishi mumkin.

O‘z navbatida, semizlik apnoe sindromi (uyqu paytida nafas olishning to‘xtashi), bronxial astma va turli allergik xastaliklarga sabab bo‘lishi ham aniqlangan.

Bu muammoga qarshi qanday kurashish kerak? Avvalo, bolalarning ovqatlanish ratsioni va rejimini tartibga solish lozim. Qolaversa, ularning kuniga kamida 1 soat jismoniy mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanishi uchun imkoniyat yaratish zarur.

O‘z navbatida, o‘g‘il-qizlarning kundalik uyqu rejimiga amal qilishini taʼminlash muhim. Chunki meʼyoriy uyqu ishtahani boshqarishga yordam beradi. Qolaversa, farzandlarning kompyuter, smartfon va televizor oldida o‘tkazadigan vaqtini cheklash ular salomatligiga ijobiy taʼsir ko‘rsatadi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 91806 | Инструменты