Huawei 1
Senat Botanika bog‘i hokimlikka o‘tkazilishini tahdid deb hisoblamoqda

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan ishlab chiqilgan Vazirlar Mahkamasining “Istirohat bog‘lari faoliyati va boshqaruv tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaror loyihasiga muvofiq barcha istirohat bog‘lari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimligi huzuridagi “Istirohat bog‘larini boshqarish direksiyalari” davlat muassasasi balansiga o‘tkazilishi belgilangan.

Loyihaga binoan Toshkent shahar hokimligi huzuridagi “Istirohat bog‘larini boshqarish direksiyalari” davlat muassasalari balansiga o‘tkaziladigan istirohat bog‘lari ro‘yxatiga Toshkent Botanika bog‘i ham kiritilgan.

Taklif etilayotgan loyihada esa istirohat bog‘lari hududlarini savdo va pullik xizmatlar ko‘rsatish uchun ijaraga berish, attraksionlar o‘rnatish ko‘zda tutilmoqda.

Bog‘ning maqomini o‘zgartirish va tijorat, o‘zini-o‘zi taʼminlovchi istirohat bog‘ini tashkil etish bu bog‘ning alohida ilmiy ahamiyatga ega bo‘lgan uzoq yillik kolleksiyalarining yo‘qotilishiga olib keladi.

Botanika bog‘i kolleksiyalari, Markaziy gerbariy fondi, g‘o‘zaning noyob genofondi va boshqalar Fanlar akademiyasi noyob biologik obektlarining yagona majmuasini tashkil etib, O‘zbekistonning milliy boyligi hisoblanadi.

Qayd etish joizki, “O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi Qonunga asosan (18-modda) Toshkent botanika istituti o‘z maqomiga ko‘ra, o‘simlik dunyosini va uning genetik fondini saqlab qolish, kamyob va yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan yovvoyi holda o‘suvchi o‘simliklarning turlarini sunʼiy yaratilgan sharoitlarda o‘rganish, iqlimga moslash va takror ko‘paytirish, ilmiy, o‘quv hamda taʼlim ishlarini olib borish, o‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan oqilona foydalanish bo‘yicha bilimlarni targ‘ib qilish ilmiy-tadqiqot muassasasi hisoblanadi. Bog‘ hududida ushbu bog‘larni tashkil etish maqsadlariga muvofiq bo‘lmagan va o‘simlik dunyosining saqlanib qolishiga tahdid soluvchi faoliyat taqiqlanadi.

Bugungi kunda Toshkent Botanika bog‘i dunyodagi 43 ta yirik Botanika bog‘lari qatoridan joy olgan hamda bog‘dagi to‘plangan kolleksion o‘simliklarning turlari genofondi va soni xilma-xilligi bo‘yicha Markaziy Osiyodagi yirik noyob muassasa hisoblanadi.

Bog‘da ayni paytda 2450 dan ortiq gulli-manzarali daraxt va butalar hamda dorivor o‘simlik turlari mavjud bo‘lib, ulardan 100 dan ortiq turi O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan noyob va yo‘qolib borayotgan hamda endemik turlar hisoblanadi.

Boz ustiga 2021 yilda Toshkent Botanika bog‘i dunyoning 118 ta davlatidagi 800 ta botanika bog‘lari bilan ish olib boruvchi hamda o‘simliklarni saqlab qolish bo‘yicha o‘zaro hamkorlik olib boruvchi dunyodagi eng yirik tarmoqni tashkil etuvchi Xalqaro Botanika bog‘larini himoya qilish (Botanic Gardens Conservation International) tashkilotiga aʼzolikka qabul qilingan.

Shuningdek, Toshkent Botanika bog‘i 2012 yildan Xalqaro Fanlar akademiyasi assotsiatsiyasi qoshidagi MDH Botinika bog‘lari Kengashi aʼzosi hisoblanadi.

Xalqaro huquq normalariga ko‘ra, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar tizimini rivojlantirish, ularni boshqarish va butligini saqlash hamda samarali faoliyat yuritishini taʼminlash har bir davlatning birinchi darajali vazifasi sifatida eʼtirof etilgan.

O‘zbekiston Respublikasi ham 1995 yilda Biologik xilma-xillik to‘g‘risidagi Konvensiyaga qo‘shilgan davlat sifatida barqaror rivojlanishi uchun biologik xilma-xillikni saqlash va undan barqaror foydalanishni taʼminlash, muhofaza qilinadigan tabiiy hududlarni rivojlantirish va kengaytirish, tabiiy ekologik tizimlarning tanazzulga uchrashi surʼatlarini pasaytirish, hayvonot va o‘simlik dunyosi obyektlarining kamyob va yo‘qolib borayotgan turlarini qayta tiklash sohasidagi majburiyatlarni o‘z zimmasiga olgan.

"Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda, Oliy Majlis Senatining Orolbo‘yini rivojlantirish masalalari va ekologiya qo‘mitasi Vazirlar Mahkamasining “Istirohat bog‘lari faoliyati va boshqaruv tizimini tubdan takomillashtirish” to‘g‘risidagi qarori loyihasiga ilova qilingan ro‘yxatdan Toshkent Botanika bog‘ini chiqarib tashlashni maqsadga muvofiq, deb hisoblaydi", - deyiladi Senat xabarida. 

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 12722 | Инструменты