Huawei 1
Senatorlar soliq va budjetga oid qonunni takomillashtirish  maqsadga muvofiq deb hisobladi

Yalpi majlisda “Soliq va budjet qonunchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.

Qayd etilganidek, mamlakatimizda soliq va byudjet qonunchiligini takomillashtirish, soliq to‘g‘risidagi qonunchilik talablarini soddalashtirish va soliq maʼmuriyatchiligining yangi hamda samarali vositalarini joriy etish yo‘li bilan tadbirkorlik subyektlariga soliq yukini kamaytirish, shuningdek, davlat moliyaviy nazorati organlari faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar izchil amalga oshirilmoqda.

Qonun bilan Byudjet kodeksiga navbatdagi yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risidagi qonun loyihasini va Byudjetnomani parlamentga kiritish muddati belgilanishini, jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirish to‘g‘risidagi axborot rasmiy veb-saytlarga, “Ochiq byudjet” axborot portaliga joylashtirilishini nazarda tutadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Bundan tashqari, Soliq kodeksiga byudjet tashkilotlariga ijaraga berilgan yer uchastkalaridan soliq undirish tartibini, ijaraga beruvchi yoki ijaraga oluvchi tomonidan yer solig‘ini to‘lash tartibini, shuningdek, ayrim sohalarda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlari uchun soliq imtiyozlari berishni va boshqa masalalarni kiritish ham nazarda tutilgan.

Biroq mazkur Qonunda qayta ko‘rib chiqilishi lozim bo‘lgan ayrim masalalar mavjudligi senatorlar tomonidan alohida taʼkidlab o‘tildi.

Jumladan, beg‘araz yordam doirasida kelgan tibbiy asbob-uskunalardan pulli xizmatlar ko‘rsatish masalasini qayta ko‘rib chiqish lozimligiga eʼtibor qaratildi.

Shuningdek, Davlat byudjetini parlament tomonidan qabul qilish va maʼqullashning qatʼiy muddatlarini belgilash ham zarurligi taʼkidlandi.

Muhokama mobaynida ayrim qonun normalarini so‘nggi qabul qilingan qonunchilik hujjatlaridan kelib chiqib, qayta ko‘rib chiqish hamda takomiliga yetkazish zarurati borligi ham qayd etildi.

Shularni inobatga olib, Qonunni qayta ko‘rib chiqish maqsadga muvofiqligi to‘g‘risida Senat qarori qabul qilindi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 53003 | Инструменты