G‘alla ekinlarini yig‘ib olish mavsumi boshlanganligi munosabati bilan Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi g‘alladan bo‘shagan dalalarda o‘simlik qoldiqlarini yoqqanlik uchun javobgarlik borligini eslatadi.
Muhim! Boshoqli don mahsulotlari o‘rib, yig‘ib olingandan so‘ng, dalalarda somonpoya qoldiqlarini yig‘ishtirib olishingiz va ushbu hududlarda yong‘in sodir bo‘lishi kabi noxush holatlarning oldini olish bo‘yicha zaruriy choralar ko‘rishingiz lozim!
Diqqat! Somonpoya qoldiqlarini yoqish atmosferaga inson sog‘ligi uchun zararli bo‘lgan zaharli moddalar, xususan, uglerod oksidi, azot oksidi, azot ikki oksidi, oltingugurt oksidi kabi moddalar ajralib chiqishiga sabab bo’ladi. Bu, shuningdek, iqtisodiyotimizga ham jiddiy zarar yetkazadi!
Qolaversa, somonpoyalar va ularning qoldiqlarini yoqish yer unumdorligining keskin pasayishi hamda tuproq strukturasi buzilishiga olib keladi. Yong‘in natijasidagi yuqori harorat tufayli makro va mikro elementlarning yo‘q bo‘lib ketishi oqibatida esa ekin yerlarining ball boniteti (tuproq unumdorligi) tushib ketadi.
Mazkur huquqbuzarlik uchun O‘zbekiston Respublikasi ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 88-moddasi 3-qismi bilan bazaviy hisoblash miqdorining 10 barobari (3 mln 750 ming so’m) miqdorida jarima qo‘llanilishi hamda yong‘in sodir bo‘lgan g‘alla ekin maydonlarining har bir gektariga yetkazilgan zarar bo‘yicha amaldagi tartib asosida iqtisodiy chora-tadbirlar ko‘rilishi belgilangan.
Qolaversa, bu kabi holatlar “Yer kodeksi”ning 40 va 79-moddasi, “Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida”gi Qonunning 17-moddasida ko‘rsatib o‘tilganidek, fermer xo‘jaligiga ajratilgan yerlaridan foydalanish va ularni muhofaza qilishda ekologik talablar va atrof-muhitni muhofaza qilish qoidalariga rioya qilish majburiyatlari bajarilmaganini ifodalaydi.
Respublika miqyosida somon poyalari va ularning qoldiqlarini noqonuniy yoqish bilan bog‘liq holatlar bevosita Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi “O‘zbekkosmos” tomonidan sun’iy yo‘ldosh suratlari orqali kunlik monitoring qilib boriladi. Ma’lumotlar esa Ekologiya vazirligi va huquq-tartibot organlariga o‘z vaqtida taqdim etiladi.
Unutmang! Atrof-muhitni ifloslantirmaslik har birimizning ekologik burchimiz, mas’uliyatimizdir.
Alpha version: 0.9.1.19 build 82508 | Инструменты