Huawei 1
Shaharsozlik qonunchiligini buzganlik uchun javobgarlik kuchaytiriladi

23-iyul kuni Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasining majlisi bo‘lib o‘tdi.

Unda Senat aʼzolari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari doimiy komissiyalari raislari, Qo‘mita huzuridagi ekspertlar guruhi aʼzolari, tegishli vazirlik va idoralar mutasaddilari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Majlisda Senatning navbatdagi yalpi majlisi kun tartibiga kiritilishi rejalashtirilayotgan masalalar dastlabki tarzda ko‘rib chiqildi.

Xususan, “Seysmik xavfsizlikni taʼminlash tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun muhokama qilindi.

Taʼkidlanganidek, mamlakatimizda shaharsozlik sohasini takomillashtirish va shaharsozlik faoliyati obyektlarining seysmik xavfsizligini taʼminlashda tizimli chora-tadbirlar qabul qilinganiga qaramasdan, shaharsozlikka oid qonunchilik talablari buzib kelinmoqda.

Jumladan, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan 2021-yilda 30,5 mingta, 2022-yilda 32,5 mingta va 2023-yilda 36,2 mingta obyekt qurilishi ishlari ustidan davlat nazorati o‘rnatilgan.

Mazkur obyektlarda Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddasi (Shaharsozlik to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish) bo‘yicha 2021-yilda 3,1 ming, 2022-yilda 6,1 ming va 2023-yilda 7,6 ming nafar huquqbuzarga nisbatan maʼmuriy jarimalar qo‘llanilgan.

Yuqoridagilar inobatga olingan holda “Seysmik xavfsizlikni taʼminlash tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun ishlab chiqildi.

Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual va Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslari hamda “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi Qonuniga tegishli o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Jumladan, Qonun bilan Jinoyat kodeksning 2293-moddasiga qurilishi tugallangan binolar va inshootlardan foydalanishga hamda ularni foydalanishga qabul qilib olish qoidalarini buzganlik, obyektlarni qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyalarining ruxsatnomasiz qurish, ko‘p kvartirali uylardagi tayanch konstruksiyalarni qonunchilikni hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarni buzgan holda o‘zgartirish va (yoki) rekonstruksiya qilganlik hamda boshqa yana bir qator harakatlar uchun jinoiy javobgarlik yuzaga kelishini nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Bundan tashqari, shaharsozlik to‘g‘risidagi qonunchilikni buzilishi odam o‘limi yoki boshqa og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lsa bu uchun alohida jinoiy javobgarlik belgilashi nazarda tutilmoqda.

Bu borada qonun normalarini buzib, ko‘p kvartirali uylardagi tayanch konstruksiyalarni o‘zgartirish va (yoki) rekonstruksiya qilish bilan bog‘liq jinoyatni birinchi marta sodir etgan hamda amalga oshirilgan o‘zgartirish yoki buzilishlarni, shuningdek ularning oqibatlarini ixtiyoriy ravishda bartaraf etgan shaxs javobgarlikdan ozod etilishi mumkin.

Loyihalash, qurilish-montaj ishlari bajarilayotganda talablarni buzish, shuningdek qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish hamda yo‘l-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish inspeksiyalarining ko‘rsatmalarini bajarishdan qasddan bo‘yin tovlash yoki o‘z vaqtida bajarmaganlik uchun jarima jazosi belgilanmoqda.

Shuningdek, shaharsozlikka oid qonunchilik talablarini buzganlik uchun amalda belgilangan jarima jazolari kuchaytirilmoqda.

Senatorlar Qonunning maʼqullanishi mamlakatimizda qurilishlar sifatini oshirishga, binolar va inshootlar qonunga xilof ravishda qurilishining oldini olishga hamda shaharsozlik to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga qatʼiy rioya etilishini taʼminlashga xizmat qilishini taʼkidlab o‘tdilar.

Muhokama yakunida Qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 110712 | Инструменты