O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan telefon orqali muloqotda Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenkoni kecha bo‘lib o‘tgan Prezident saylovidagi ishonchli g‘alabasi bilan samimiy qutladi.
Davlatimiz rahbari saylovchilarning faol ishtiroki va ovoz berish natijalari Belarus xalqi amaldagi Prezidentga yuksak ishonch bildirayotgani, amalga oshirilayotgan siyosat va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni keng qo‘llab-quvvatlayotganini yana bir bor tasdiqlaganini alohida ta’kidladi.
Suhbat chog‘ida o‘tgan yil 7-9-fevral kunlari Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenkoning O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish nuqtayi nazaridan O‘zbekiston-Belarus ko‘p qirrali sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
2024-yilda tovar ayirboshlash hajmi 700 million dollardan oshdi. Iqtisodiyotning turli tarmoqlarida sanoat kooperatsiyasi loyihalarini jadallashtirish, yaqin ishbilarmonlik va hududlararo aloqalarni, faol madaniy-gumanitar almashinuvlarni davom ettirish muhimligi ta’kidlandi.
O‘zbekiston va Belarus yetakchilari bo‘lajak tadbirlar rejasini ham ko‘rib chiqdilar.
Alpha version: 0.9.1.19 build 12809 | Инструменты