Huawei 1
Shavkat Mirziyoyev va Qosim-Jomart To‘qayev sun’iy intellekt ko‘rgazmasiga bordi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev 29 mart kuni birgalikda "AlmatyFair.ai" raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt ko‘rgazmasiga bordi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Davlat rahbarlariga mazkur sohalardagi ilg‘or yechimlar va innovatsion ishlanmalar haqida axborot berildi. Qozog‘iston Prezidenti tashabbusi bilan tashkil etilayotgan "Alem.ai" sun’iy intellekt markazining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

“Alem.ai – sun’iy intellekt sohasida mutaxassislarni o‘qitish, startaplarni ishga tushirish va ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish uchun platforma”, deyiladi xabarda.

Shuningdek, yetakchilar Markaziy Osiyodagi eng yirik texnoparklar birlashmasi - "Central Asian Innovation Hubs" ("Astana Hub" va "IT Park Uzbekistan") faoliyati bilan ham tanishdi. O‘tgan yili Qozog‘iston va O‘zbekistonning yirik texnoparklari ligasi startap ekotizimini rivojlantirish va jahon bozorida innovatsiyalarni ilgari surish maqsadida ushbu brend ostida birlashgan edi.

Prezidentlar raqamlashtirish sohasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma IT mahsulotlarini yaratish, sun’iy intellekt va ilg‘or axborot texnologiyalari sohasidagi milliy strategiyalarni o‘zaro bog‘lash muhimligini ta’kidladi.

Davlat rahbarlariga davlat organlari faoliyatini optimallashtirishga ko‘maklashishga mo‘ljallangan Milliy sun’iy intellekt platformasi, shuningdek, milliy iqtisodiyotda AI salohiyatini ochish va texnologik tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan AI-SANA ta’lim dasturi ham namoyish etildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 40105 | Инструменты