"Sho‘rtan" konida yangi burg‘ilangan quduqdan tabiiy gaz va gaz kondensati qazib olindi
“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayevning topshirig‘iga ko‘ra, konlarda tabiiy gaz qazib chiqarishni ko‘paytirish, uglevodorodlar zaxirasini oshirish maqsadida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, quduqlarda kapital ta’mirlash ishlarini bajarish barobarida, yangi quduqlar burg‘ilanib, tugatilgan quduqlar majmuasida turganlari esa murakkab ta’mirlash ishlari olib borilgandan keyin ishga qo‘shilmoqda.
“O‘zbekneftgaz” AJ Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli “Sho‘rtan” gazkondensat konidagi 370-sonli quduqda olib borilgan burg‘ilash ishlari ham muvaffaqiyatli tugatildi.
Quduqning 2903-3089 metr oralig‘iga filtr tushirildi. Burg‘ilash ishlari "O‘zneftgaz burg‘ulash ishlari" MCHJ mutaxassislari tomonidan olib borildi.
Quduqni o‘zlashtirish ishlaridan so‘ng, kunlik 80 ming kub metr sanoat miqyosidagi tabiiy gaz va 1,5 tonna gaz kondensati qazib chiqarilishiga erishildi.
Ma’lumot uchun, "Sho‘rtan" koni Qashqadaryo viloyatining Gʻuzor tumanida joylashgan bo‘lib 1980-yildan buyon ishlatilib kelinmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 21119 | Инструменты