Huawei 1
“Shu paytgacha poyezd chiptasi samolyot chiptasidan yuqori narxga ko‘tarilmagan edi” — senator temiryo‘lda xizmat sifatidan aholi norozi ekanligini bildirdi

Senat ellik sakkizinchi yalpi majlisda “Temiryo‘l transporti to‘g‘risida”gi qonunni ko‘rib chiqdi. Muhokama chog‘ida senator Abdurahim Erkayev yuqori tezlikda harakatlanadigan tezyurar poyezd chipta narxlari erkin belgilanishi ortidan sifatni ham yaxshilash kerakligini ta’kidladi.

Xizmat sifati va xarajatlari chipta narxida aks etishi lozim. Bu xolis va halol mezonlar asosida amalga oshirilishi kerak. Bu holatda yo‘lovchilar bilan “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksionerlik jamiyati manfaatlari to‘qnashuvi yuzaga kelmasligi kerak.

Birinchidan, aholi ijtimoiy tarmoqlarda chipta narxlari xizmat ko‘rsatish sifatiga mos kelmaydi, degan fikrlarni bildirmoqda. Demak, aholi ko‘rsatilayotgan xizmatdan norozi.

Ikkinchidan, savol tug‘iladi, chipta narxlarini belgilashda xizmatlar narxi oshkora shaffof kalkulyatsiya qilinganmi, aholi bundan xabardormi? Bunda Monopoliyaga qarshi kurash qo‘mitasi, Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi, jamoatchilik va deputatlar vakillari chiptalar narxini belgilashda, kalkulyatsiya qilishda qatnashganmi? Qatnashmagan bo‘lsa, nega qatnashmagan? Qatnashgan bo‘lsa, amalda qanday yuz berdi? “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksionerlik jamiyati hozircha monopol tashkilot. Mahkama manfaatlardan kelib chiqib aksionerlik jamiyati asoslanmagan narxlar belgilamayaptimi? Masalan, Qarshi—Toshkent Afrosiyob poyezd chiptasi xususiy aviakompaniyalar chiptasi narxidan qimmat bo‘lib ketdi. Shu paytgacha poyezd chiptasi samolyotning chiptasidan yuqori narxga ko‘tarilmagan edi. Temiryo‘lda bir yilda ikki marta tariflar oshirildi, tariflarning erkin belgilanishi xizmat ko‘rsatish sifatining yaxshilanishiga ta’sir qildimi? Yo‘lovchilar fikri bu borada ijobiy emas. Gap narxlar haqida emas, xizmatlarning sifati haqida ketyapti. Birinchi navbatda, aholi mamnun bo‘ladigan xizmat ko‘rsatilishi kerak, dedi senator.

Senatorning e’tiroziga transport vaziri Ilhom Mahkamov javob qaytardi. Uning aytishicha, bugungi qonunlar qabul qilinganiga qadar barcha yo‘lovchi tashish xizmati tariflari monopol xizmat bo‘lgani va monopol reyestrda ishtirok etgani uchun Iqtisod va moliya vazirligi hamda Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi bilan kelishilgan holda belgilangan.

Bugungi kungacha barchasi kelishilgan va tan narxidan kelib chiqib belgilangan. Hozirda bu qonun qabul qilingandan keyin o‘zlari yuqori tezlikda harakatlanuvchi yo‘nalishlarga nisbatan tariflarni belgilash erkin bozor iqtisodiyotiga o‘tkaziladi. Xuddi shu yo‘nalishda harakatlanadigan barcha poyezd chipta narxlari eski narxlarda qoladi.

Aholining asosiy e’tirozlaridan biri xizmat ko‘rsatilayotgan sifatdan kelib chiqqan holda haqiqatni aytishimiz kerak. Harakat tarkiblarimizning o‘rtacha yili 30 yilga yaqinlashib qolgan. Oxirgi olti yil davomida poyezdlar sifatini yaxshilashga juda katta mablag‘ sarflandi. Uzoq masofaga harakatlanadigan vagonlarimizni oxirgi 5 yilda modernizatsiya qilish ishlarini boshlaganmiz.

Qonun nuqtayi nazaridan kelib chiqadigan bo‘lsak, operator tashuvchiga yo‘lovchilarga ko‘rsatiladigan sifatga alohida e’tibor berish, monopoliyaga qarshi kurashish agentligiga va bizning inspeksiyaga yo‘lovchilar xarid qilgan chiptalarni tan narxida ishtirok etish, kerak bo‘lgan sifat ko‘rsatkichlariga rioya qilinmasa, operatorga nisbatan chora ko‘rish ham belgilab ketildi. Bugungi kundagi siyosat, ya’ni yo‘lovchilar mobilligini, ichki turizmni hamda xizmat sifatini oshirish — Transport vazirligi va “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining oldiga qo‘yilgan vazifasi, dedi vazir.

Qonun bilan temiryo‘l transportida bozor tamoyillari asosida erkin shakllantiriladigan tariflar aniq belgilanayotgan bo‘lib, unga ko‘ra yuk vagonlarini taqdim etish, yuqori tezlikda harakatlanadigan va tezyurar poyezdlarda yo‘lovchilarni tashish xizmatlari tariflarini davlat tomonidan tartibga solish amaliyotidan voz kechilib, bozor tamoyillari asosida tartibga solish mexanizmi joriy etilmoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 100318 | Инструменты