Huawei 1

Tahlillarga ko‘ra, dunyoda har yili 20 million nafarga yaqin kishi onkologik xastaliklarga chalinib, ulardan teng yarmi saraton asoratlari tufayli hayotdan ko‘z yummoqda. Shu bois ham "rak" bilan kasallanish ehtimoli haqidagi fikrlarning o‘zi bugun kishini qo‘rquvga soladi. Agar u ikkita bo‘lsa-chi? Inson o‘zi bir vaqtda har xil turdagi saraton bilan kasallanishi mumkinmi?

Ushbu savollarga Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Mirzag‘olib Tillashayxov javob berdi.

— Jahon tibbiyotida bunday holatlar, ayniqsa, so‘nggi paytlarda ko‘p uchramoqda, — deydi mutaxassis. — Turli organlarda bir vaqtning o‘zida rivojlanayotgan o‘smalar sinxron, umrning turli davrlarida paydo bo‘ladiganlar esa metaxron deb ataladi.

Sinxron saratonning paydo bo‘lishi inson organizmi o‘smalarning ko‘payishiga qarshi kurashmayotgani, ya’ni immunitet umuman "ishlamayotganidan" dalolat beradi. 

Masalan, oshqozon rakidan aziyat chekayotgan bemorni qo‘shimcha tekshiruvdan o‘tkazish jarayonida unda o‘pka yoki ichak saratoni ham aniqlangan holatlar bo‘lgan.
Ushbu xastalik kelib chiqishining asosiy sabablaridan biri irsiy moyillikdir. Tamaki chekish, noto‘g‘ri ovqatlanish, ichkilik kabi zararli odatlar ham sinxron o‘smalar paydo bo‘lish xavfini oshiradi.

Ko‘pincha ilk bosqichlarda kasallik hech qanday belgilarsiz kechishi tufayli uni tashxislashda ma’lum qiyinchiliklar tug‘ilishi mumkin. Buning uchun chuqur laborator tahlillar, magnit-rezonans va kompyuter tomografiya tekshiruvlari bajarilishi lozim.

Shifokor sinxron o‘smalarni davolash taktikasini tanlashda kasallikning bosqichi, bemorning yoshi, umumiy ahvoli kabi omillarni inobatga oladi. Bunda uning hayotiga ko‘proq xavf tug‘diruvchi yoki bartaraf etish osonroq bo‘lgan rak birinchi bo‘lib davolanadi. Bu jarayon individual tarzda operativ muolaja, kimyoviy terapiya, nur terapiyasi, immunoterapiya kabi usullarni qo‘llagan holda tashkil etiladi.

Shuni alohida aytib o‘tish lozimki, ayrim hollarda sinxron saraton bitta organga metastaz ham berishi mumkin.
Onkologik kasalliklarga chalingan aksariyat bemorlar buni hukmdek qabul qilib, tushkunlikka tushadi. Ayrimlar esa muolajalar samara berishiga va kasallikdan to‘liq forig‘ bo‘lishiga ishonmasdan, hatto, davolanishdan bosh tortadi. 

Ammo zamonaviy tibbiyot nafaqat bitta, balki sinxron saratonni ham to‘liq va asoratsiz davolashga qodir. Muhimi, bemor sog‘lom hayotga qaytishga umidini uzmasligi va mutaxassislarning barcha ko‘rsatmalarini bajarishi kerak.

Saraton bartaraf etilgach, bemorning salomatligini tiklashda reabilitatsiya davri juda muhim. Bunda kompleks yondashuvni qo‘llash maqsadga muvofiq. Xususan, jismoniy terapiya, parhez, farmakoterapiya onkologik kassalikni boshdan kechirgan inson immunitetini mustahkamlashda yaxshi foyda berishi mumkin. Bu davrda bemor yaqinlarining ruhiy daldasiga ham muhtoj bo‘ladi.
Sinxron o‘smalarni davolash – bu aniq diagnostika, to‘g‘ri muolaja usullari va mutaxassislardan yuqori malakani talab etuvchi murakkab vazifa. Onkologik kasalliklarga chalinishdan hech bir inson sug‘urtalanmagan, albatta. Biroq, buning xavfini kamaytirish har birimizning o‘z qo‘limizda.

Buning uchun sog‘lom turmush tarzi, to‘g‘ri ovqatlanish qoidalariga rioya qilish, jismonan faol bo‘lish, zararli odatlarga ruju qo‘ymaslik, muntazam ravishda shifokor ko‘rigidan o‘tish lozim.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 101303 | Инструменты