Huawei 1
“Sog‘lom bolalar” global tashabbusi dasturining 25 yillik faoliyati natijalari sarhisob qilindi

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi va Respublika ta’lim markazi vakillaridan iborat O‘zbekiston delegatsiyasi Moskva shahrida bo‘lib o‘tgan "To'g'ri ovqatlanish haqida muloqot" dasturining 25 yilligiga bag'ishlangan XXIV xalqaro konferensiyada ishtirok etdi.

Ma’lumot uchun, “To‘g‘ri ovqatlanish haqida muloqot” Rossiya dasturi 85 mamlakatni qamrab olgan “Sog‘lom bolalar” global tashabbusining bir qismidir. O‘zbekistonda ushbu tashabbus doirasida 2013-yildan buyon “Salomatlik yo‘nalishlari” dasturi joriy etilgan bo‘lib, bugungi kunda O‘zbekistonning barcha hududlaridan 140 dan ortiq maktabni qamrab olgan.

Konferensiyada Rossiya Federatsiyasi Ta’lim vazirligining Qo‘shimcha ta’lim federal markazi va Bolalar rivojlanishi, salomatligi va moslashuvi instituti, Oziqlanish va biotexnologiya federal tadqiqot markazi, Ostona va Olmaotadagi Innovatsion texnologiyalar markazi, Rossiya viloyatlaridan mutaxassislar va boshqalar ishtirok etdi.

Tadbirda so‘zga chiqqan Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi bo‘lim boshlig‘i Zarrina Abdullayeva vazirlikning joriy yilda boshlangan “Salomatlik yo‘nalishlari” dasturi bilan hamkorligi muvaffaqiyatli amalga oshirilayotganini ta’kidladi.

“Joriy yilning may oyida “Salomatlik yoʻnalishlari” dasturini kengaytirish va unga yangi vektor – ekologik taʼlimni qoʻshish boʻyicha muhim qaror qabul qilindi. Bu qaror nafaqat o‘z salomatligi haqida qayg‘uradigan, balki atrof-muhitni muhofaza qilishda faol ishtirok etuvchi sog‘lom va mas’uliyatli avlodni shakllantirishga qaratilgan sa’y-harakatlarning mantiqiy davomi bo‘ldi. Ushbu yangi komponent doirasida dasturga maktab o‘quvchilarida ekologik madaniyatni rivojlantirishga qaratilgan darslar kiritilgan”, — dedi Z.Abdullayeva.

Ma’lumot uchun, joriy yilning noyabr oyida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Maktabgacha ta’lim va maktab ta’limi vazirligi hamda “Nestlé Food” kompaniyasi o‘rtasida “Salomatlik yo’nalishlari” loyihasini amalga oshirish bo‘yicha memorandum imzolangan edi.

Tadbirda so‘zga chiqqan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Respublika ta’lim markazi direktori Sherzojon Xudayqulov O‘zbekiston to‘g‘ri ovqatlanish madaniyatini shakllantirishga xizmat qiluvchi, atrof-muhitga ongli munosabatda bo'lish va yosh avlod salomatligini mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslarni faol qo‘llab-quvvatlayotgani qayd etdi.

"Dunyoning ko‘plab davlatlari qatori O‘zbekiston ham kelajak avlod salomatligi jamiyat barqaror rivojlanishining garovi ekanini yaxshi tushunadi. Shuning uchun ham mamlakat hukumati ta’lim va tarbiyaviy maqsadlarni o‘zida mujassam etgan “Salomatlik yo‘nalishlari” dasturini faol amalga oshirmoqda. Uning asosiy maqsadi maktab o‘quvchilarining sog‘lom ovqatlanish tamoyillari va ekologik ta’limga oid bilimlarini oshirishdan iborat. Biz bolalarda jismoniy va ma’naviy barkamollikning asosiga aylanadigan to‘g‘ri odatlarni shakllantirishni maqsad qilganmiz”, — dedi Sh.Xudayqulov.

Konferensiya davomida loyiha hamkorlarining chiqishlari, dasturning 25 yillik faoliyati natijalari muhokamasi, to‘g‘ri ovqatlanish bo‘yicha tanlov va treninglar o‘tkazildi.

“Salomatlik yo‘nalishlari” dasturi xususiy biznes, davlat idoralari va jamoat tashkilotlari sa’y-harakatlarini birlashtirishning ajoyib namunasidir. Ekologiya vazirligi hamda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi koʻmagida Oʻzbekistonda bir necha yil ichida ajoyib natijalarga erishdik. Chunki bugungi kunda respublikamizning barcha hududlari dasturda ishtirok etmoqda va talabalar soni yildan-yilga ortib bormoqda, – dedi “Salomatlik yo‘nalishlari” dasturi muallifi, pedagogika fanlari nomzodi Aleksandra Makeyeva.

Tadbir yakunida ishtirokchilar tashabbus va uning ekologik komponentini yanada kengaytirish muhimligini ta’kidladilar.

Shuningdek, to‘g‘ri ovqatlanish va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha bilimlarning maktab o‘quv dasturiga kiritilishi nafaqat yosh avlod salomatligini mustahkamlash, balki atrof-muhitga mas’uliyatli va ongli munosabatni shakllantirishga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 121221 | Инструменты