Huawei 1
Surxondaryoda "spravka" yozib bermagan shifokorni 3 kishi do'pposladi

Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyatining Angor tumanida o‘z xizmat vazifasini bajarayotgan shifokor 3 nafar fuqaro tomonidan kaltaklangani haqida xabarlar tarqaldi. Sog‘liqni saqlash vazirligi ushbu holat yuzasidan ma’lumot berdi.

Aniqlanishicha, joriy yil 27-oktyabr kuni soat 15:20 larda Angor tuman tibbiyot birlashmasining travmatologiya bo‘limi shifokorining huzuriga 3 nafar fuqaro salomatligi to‘g‘risida ma’lumotnoma yozib berishini so‘rab kelgan.

Shifokor ularga qabulidagi bemorga yordam ko‘rsatayotganini, ma’lumotnomani esa shundan so‘ng yozib berishini aytgan. Bundan norozi bo‘lgan fuqarolar vrachni ayovsiz do‘pposlab, unga jiddiy tan jarohati yetkazgan.

O‘tkazilgan tibbiy tekshiruvlar davomida shifokorga "bosh miya yopiq jarohati, og‘iz pastki lab yumshoq to‘qimalari lat yeyishi, o‘ng son yumshoq to‘qimalari lat yeyishi va teri osti gematomasi, qorin bo‘shlig‘i a’zolari lat yeyishi, kuchli qontalash" tashxisi qo‘yilgan.

Hozir tibbiyot xodimiga tajovuz qilgan ushbu fuqarolarga nisbatan Angor tuman ichki ishlar bo‘limi tomonidan tergovga qadar dastlabki surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Oxirgi paytlarda bemorlar va ularning yaqinlari tomonidan o‘z xizmat vazifasini bajarayotgan shifokor va hamshiralarga nisbatan kuch ishlatish va tajovuz qilish holatlari tez-tez kuzatilmoqda.

Shundan kelib chiqib, mamlakatimizda tibbiyot xodimlari faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik uchun qonunchilikda tegishli javobgarlik belgilanishi kun tartibidagi muhim masalaga aylandi. Angor tumanida sodir bo‘lgan yuqoridagi holat esa mazkur jarayonni yanada jadallashtirish zarur ekanini yana bir bor ko‘rsatdi.

Eslatib o‘tamiz, 2019-2022-yillar davomida O‘zbekistonda 290 ga yaqin holatda tibbiyot xodimlariga nisbatan turli shakldagi tajovuzlar qilingan. Shu bois ayni paytda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida tibbiyot xodimlari faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik uchun qat’iy javobgarlik belgilash yuzasidan qonun loyihasi ko‘rib chiqilmoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 100904 | Инструменты