Surxondaryo viloyatining Sho‘rchi tumanida 40 yoshli erkak pul ayirboshlash bilan shug‘ullanuvchi tanishini urib, o‘ldirib qo‘ydi. 3-oktabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Sho‘rchi tuman sudida fuqaro 19 yil 6 oyga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilindi.
Ma’lum bo‘lishicha, ayblanuvchi bungacha ham 3 marotaba firibgarlik va boshqa jinoyatlarni sodir etgani uchun sudlangan va o‘ta xavfli retsidivist deb topilgan.
U 2024-yilning aprel oyida Denov tumanida pul ayirboshlash bilan shug‘ullanuvchi tanishini uyiga chaqirib, go‘yoki unda 2000 ming dollar pul borligini, uni so‘mga almashtirmoqchi ekanini aytgan. Sud hujjatida fuqaro kupyurachi tanishining pullarini o‘zlashtirishni maqsad qilgani aytiladi.
Fuqaro tanishining yonida pul borligiga ishonch hosil qilgach, u boshqa tarafga qarab turganda yog‘och bilan boshiga urgan. Tanishi olgan zarbdan yerga yiqilgan vaqtida qo‘lidagi yog‘och dasta bilan o‘ta shafqatsizlarcha uning yuz, bosh va tanasining duch kelgan joylariga urib, qasddan o‘ldirgan.
U olgan jarohatlari sabab vafot etgan jabrlanuvchini gilamga o‘rab, molxonasi yaqinidagi chuqurga ko‘mib qo‘ygan. Uning ustidan ketmon bilan tuproq tortgan. Unda bo‘lgan 139 mln so‘m pulni esa o‘zlashtirgan.
Sud majlisida erkak aybiga to‘liq iqror ekani, qilgan ishidan pushaymonligini bildirgan. U jabrlanuvchi fuqaroni kamsitgani ortidan qotillikka qo‘l urganini ta’kidlagan.
Sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “i”, “c” bandi, (O‘ta xavfli retsidivist tomonidan tamagirlik niyatida qasddan odam o‘ldirish), 164-moddaning 4-qismi “b” bandi (O‘ta xavfli retsidivist tomonidan bosqinchilik) va 226-moddaning “a” bandida (Ma’muriy nazoratdan bo‘yin tovlash maqsadida o‘z istiqomat joyini o‘zboshimchalik bilan tashlab ketish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 112520 | Инструменты