Toshkent ko‘chalarida pullik avtoturargohlar bilan kim shug‘ullanishi ma'lum qilindi

Toshkent shahar hokimi 2022-yil 29-dekabrda poytaxtning 10 ta markaziy ko‘chasida avtomatlashtirilgan yo‘l bo‘yi pullik avtoturargohlar tashkil etish to‘g‘risidagi qarorini imzolagandi. Qarorga ko‘ra, poytaxt ko‘chalarida pullik avtoturargohlarni tashkil qilish davlat-xususiy sheriklik shartnomasi asosida Kasy Park kompaniyasiga topshirildi

Hujjatga muvofiq davlat-xususiy sheriklik o‘tgan yilning avgustidayoq imzolangan va 22-avgust kuni tegishli tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.

Shartnomaga ko‘ra, xususiy sherik parkomat va elektromobillarni zaryadlovchi qurilmalarini istisno qilgan holda mazkur hududlarda biror, jumladan, kapital, yengil turdagi bino-inshootlarini qurish va boshqa turdagi yordamchi qurilmalarini o‘rnatmaslik shartlariga rioya qiladi.  

Avtomatlashtirilgan to‘xtash joylari Kasy Park kompaniyasiga 10 yilga – davlat-xususiy sheriklik shartnomasining amal qilish muddatiga qadar ijaraga beriladi. Mazkur bitim qiymati esa 891 mln so‘mni tashkil etadi.

Orginfo ma’lumtlariga ko‘ra, "Kasy Park" MChJ OLDFOLK kompaniyasi (40 foiz) va Fazilov Mirodil Nig'matjon o‘g‘li (60 foiz) muassisligida 2018-yil 7-martda ro‘yxatga olingan bo‘lib, asosiy faoliyat turi – yog‘och, qurilish materiallari va sanitariya-texnik vositalarning ulgurji savdosi hisoblanadi.

Kompaniyaning asosiy egasi bo‘lgan Mirodil Fazilov, jumladan, Oazis Lux Investments’da (50 foiz), Royal Central Development’da (100 foiz), SD Big-Garden’da (25 foiz), Benchmark Distribution’da (100 foiz), Paper World’da (100 foiz), Premium Paper’da (50 foiz) ulushlarga egalik qiladi.

“Old Folk” MChJ esa 2022-yil 4-avgustda (Toshkent shahar transport boshqarmasi va “Kasy Park” o‘rtasida DXSh to‘g‘risidagi shartnoma imzolanishidan 18 kun oldin) ro‘yxatdan o‘tgan. Ustav kapitali – 1 mln so‘m. Ta’sischilari – Sultonxo‘jayev Sarvar Anvar o‘g‘li, Yusupov Akmal Bahodir o‘g‘li, Amirsaidov Komronbek Azamatbek o‘g‘li va Qosimov Saidazim Saidhabib o‘g‘li (har biri 25 foizdan ulushga ega).  

Avvalroq, Toshkent shahrining 10 ta ko‘chasida, xususan, "Fidokor", "Amir Temur", "Nukus", "Bratislava", "Mirobod", "Glinka", "Avliyoota", "Shevchenko", "Said Baraka", "Moshtabib" va "Yakub Kolas" ko‘chalarida jami 2251 ta pullik to‘xtash joylari tashkil etilgani haqida xabar qilgan edik.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 72709 | Инструменты