Toshkent shahrida 6 kishi  is gazidan zaharlanish oqibatida  vafot etdi

Toshkent shahrida is gazidan zaharlanish oqibatida 6 kishi vafot etdi. Hodisa yuzasidan Bosh prokuratura rasmiy bayonot berdi. Vafot etganlardan tashqari yana 2 kishi ogʻir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan.

Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, hodisa qurilish-taʼmirlash ishlari olib borilayotgan xususiy uyda sodir boʻlgan. Aniqlanishicha, uyning yertoʻla qismiga oʻrnatilgan isitish qozoni xavfsizlik talablariga javob bermagan, gaz tarmogʻiga esa belgilangan tartibda tegishli texnik shartlarsiz ulanilgan.

Holat yuzasidan Mirzo Ulugʻbek tumani prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 116, 257, 205-moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Ayni paytda tergov harakatlari Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan olib borilmoqda.

Bosh prokuratura fuqarolardan gaz uskunalari va isitish moslamalaridan foydalanishda yongʻin xavfsizligi talablariga qatʼiy rioya qilishni soʻragan.

Shuningdek, gaz uskunalari va isitish moslamalari belgilangan tartibda malakali mutaxassislar tomonidan oʻrnatilishi hamda ularning texnik holati muntazam tekshirib turilishi lozimligi taʼkidlangan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 102816 | Инструменты