Huawei 1
Toshkent viloyati hokimi yuzdan ortiq migrantlar bilan suhbatlashib, ayrimlariga yaxshi ish va’da qildi

Toshkent viloyati hokimi Zoir Mirzayev xorijda mehnat qilayotgan migrantlar bilan muloqot qildi. Ularni tinglab, maoshi kam bo‘lgan o‘zbekistonliklarga daromadi yaxshi ish va’da qildi.

Muloqotda xorijda yurgan yurtdoshlar, xususan, yoshlar Zoir Mirzayev bilan suhbatlashib, muammo va masalalarini gapirib bergan. To‘rt soatdan ko‘proq davom etgan muloqotda viloyat hokimi 106 nafar migrant bilan gaplashgan. 

Rossiyaning Chelyabinsk viloyatida 130 tonnalik belarus traktori haydovchisi sifatida ishlab kelgan angrenlik yigit Vataniga, uyiga qaytish niyati borligini aytib, “Angrenga, o‘zimizning uyimiz atrofiga qaytish niyat bor edi”, deya murojaat qilgach, Zoir Mirzayev OKMK rahbari bilan telefon orqali muloqot qilib, shu yigitga ish so‘radi. 

OKMK rahbari Abdulla Xolmurodovich, kelsin, belarus traktori haydovchisiga joy bor deyapti. Ertaga kelsin, ertaga ishga olaman dedi, deydi murojaatchiga bu haqda ma’lum qilgan hokim. 
Eng asosiysi, nisbatan kam maoshga xorijda ishlab yurgan 20 dan ortiq migrantlarga Vatanda yaxshi ish taklif qilindi, ular kelgusida O‘zbekistonga qaytib, shu yerda mehnat qiladigan bo‘ldi. Ayni paytda mehnat bozorida talabgor bo‘lib turgan kasblarga qisqa vaqtda o‘qitib, yuqori maoshli ishlarga joylashish imkoniyat migrantlarga ma’qul keldi. Shuningdek, muloqotda uzoq muddatga ijaraga yer olib, dehqonchilik qilish borasidagi mavjud imkoniyatlar bo‘yicha tushuntirish berildi, deydi hokimlik mas’ullari. 

Aniqlashtirilishicha, bugungi kunda xorijiy mamlakatlarga turli maqsadlarda chiqib ketganlar viloyat aholisining 5 foizini tashkil qiladi. 

Shundan daromadi 1000 dollardan kam bo‘lgan 42 ming nafar migrant bilan alohida ishlash choralari ko‘rilmoqda. Mazkur migrantlarni viloyatga qaytarib, ularni yuqori daromadli ish bilan ta’minlash esa asosiy maqsad qilib olingan, deydi hokimlik axborot xizmati xodimi Marg‘uba Sultonova.
Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 102218 | Инструменты