Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyatidagi ekologik reyd yuzasidan turli talqinlar bildirilmoqda. Holat yuzasidan Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi axborot xizmati rasmiy munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, Toshkent viloyatida atmosfera havosining ifloslanishi monitoringi aks etgan videolavhada oʻlchash uskunasi RM 2,5 boʻyicha bir martalik 0,209 mg/m3 ni koʻrsatgan. Mutaxassislar tomonidan aynan ushbu hudud uchun oʻrtacha bir kunlik ifloslanish darajasini aniqlash maqsadida Jahon Sogʻliqni Saqlash Tashkilotining (JSST) tavsiyalari va ularga muvofiq ishlab chiqilgan 2023-yil 7-avgustdagi 0053-23-son Sanitariya qoidalari va normalari boʻyicha kun davomida bir necha bor oʻlchov ishlari amalga oshirilgan. Hududdagi aksariyat issiqxonalar Toshkent issiqlik elektrostansiyasidan hosil boʻladigan issiq suv orqali isitish tizimidan foydalanganligi sababli, kunlik lokal ifloslanish darajasi belgilangan meʼyorlardan oshmaganligi aniqlangan.
Ijtimoiy tarmoqlarda atmosfera havosida RM 2,5 zarralarining belgilangan meʼyoridan 40 marotaba ortganligi toʻgʻrisidagi xabarda hisoblash metodikalariga amal qilinmagan, yaʼni unda 209 mg/m3 – bir martalik meʼyorni JSSTning havo sifati boʻyicha tavsiyasining erishilishi mumkin boʻlgan eng yuqori oʻrtacha yillik koʻrsatkichga – 0.005 mg/m3 (5 mkg/m3)ga boʻlish orqali hisoblangan.
Taʼkidlash lozimki, Oʻzbekistonda JSSTning havo sifati boʻyicha global tavsiyalaridagi 1-oraliq maqsadlariga muvofiq 2023-yil 7-avgustdagi 0053-23-son Sanitariya qoidalari va normalari tasdiqlangan. Unga koʻra, (RM 2,5) bir martalak oʻlchash meʼyori belgilanmagan, uning kunlik meʼyori (0,06 mg/m3,) va yillik meʼyori (0,035 mg/m3,) etib belgilangan.
JSSTning havo sifati boʻyicha global tavsiyalarida havo sifatini yaxshilashda bosqichma-bosqich rivojlanish va oraliq maqsadlarga erishish aholi salomatligi uchun sharoitlarni yaxshilashda muhim ekanligi koʻrsatib oʻtilgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 20816 | Инструменты