Falastinning HAMAS harakati G‘azo sektorida garovga olingan uch kishini Xalqaro Qizil Xoch tashkilotiga topshirdi, deb xabar berdi Isroil mudofaa kuchlari (TSAXAL) matbuot xizmati.
2023-yil 7-oktabr kuni HAMAS hujumi chog‘ida o'z uylaridan o‘g‘irlab ketilgan 52 yoshli Elie Sharabi va 56 yoshli Ohad Ben-Ami, xuddi shu kuni musiqa festivalidan so‘ng garovga olingan 34 yoshli Or Levi ham o‘z vatanlariga qaytmoqda.
AP agentligining aniqlik kiritishicha, bu 19-yanvarda o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi kuchga kirganidan beri garovga olinganlarning beshinchi almashinuvi hisoblanadi. Bu vaqt ichida garovga olingan 18 isroillik va 550 dan ortiq falastinlik mahbus ozod etildi. Bugungi almashinuv doirasida Isroil 183 nafar falastinlik mahbusni, jumladan, umrbod qamoqqa hukm qilingan 18 nafar mahbusni ozod qilishi kerak.
Toshkent vaqti bilan soat 14:40 da TSAXAL matbuot xizmati Qizil Xoch garovga olinganlarni Isroil armiyasiga topshirgani haqida xabar berdi. Ular Isroilga olib ketilmoqda, garovga olinganlar dastlabki tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi.
HAMAS va Isroil tomonidan kelishilgan otashkesimning birinchi bosqichi 42 kun davom etishi kutilmoqda. Uning bir qismi sifatida Falastin harakati deyarli 1900 mahbus evaziga 33 nafar garovga olinganlarni ozod qilishga va'da berdi.
Ikkinchi bosqichda qolgan garovga olinganlarni ozod qilish va nihoyat urushni tugatish bo'yicha munozaralarni boshlash kerak. Uchinchi bosqich o'liklarning jasadlarini almashishni o'z ichiga oladi. Axios portalining yozishicha, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu, agar HAMAS yetakchilari hokimiyatdan voz kechib, uchinchi mamlakatlarda “surgunga ketsa”, G‘azo sektoridagi urushni tugatishga tayyor.
Alpha version: 0.9.1.19 build 20817 | Инструменты