Huawei 1
Toshkent viloyatida ro‘mol o‘rab, niqob taqqan ayol jarimaga tortildi

Toshkent viloyatining Zangiota tumanida ro‘mol o‘ragan va matodan niqob taqqan ayol jamoat joyida yuzini berkitib yurgani uchun jarimaga tortildi. “Gazeta.uz” jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudining 7-avgustdagi qarorini o‘rgandi.

Sud hujjatida qayd etilishicha, 2024-yil 2-avgust kuni soat 11:51 lar atrofida Zangiota tumani, Amir Temur mahallasi Mustaqillik ko‘chasida fuqaro M.A.ga (ayol) jamoat joyida shaxsini identifikatsiya qilish imkonini bermaydigan ko‘rinishda harakatlanib kelgani yuzasidan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Sud majlisida M.A. 2023 yil sentyabr oyida Zangiota tumanidagi mebel sexida ishchi vazifasida ishlab kelishini maʼlum qilgan. 2024 yil 2 avgust kuni soat 11:50 da ayol tumanning Mustaqillik ko‘chasida joylashgan oziq-ovqat do‘koniga non va qattiq mahsulotini xarid qilish uchun yuzida “maska” (tibbiy niqob — tah.) taqilgan holatda ketayotgan vaqtida IIB xodimlari to‘xtatib, shaxsini tasdiqlovchi hujjatini so‘ragan. Ayol ularga changga allergiyasi borligi shu sababli niqob taqib yurishini, ishxonasi ham chang ekanini aytgan.

Sud hujjatida qayd etilishicha, ayol IIB xodimlariga kasalligi haqida hech qanday hujjati yo‘qligini, jamoat joyida niqob taqib yurish mumkin emas ekanini bilmasligi maʼlum qilgan. U ishdan shoshib chiqqani sababli niqobini yechmagani uchun uzr so‘ragan.

Ayol sudda oilaviy sharoiti og‘irligi, voyaga yetmagan farzandlari borligi, yolg‘iz ayol ekanini bildirib, suddan unga nisbatan yengillik berishni so‘ragan.

Sud ayolning ko‘rsatuvini tinglab, «maʼmuriy ish hujjatlarini atroflicha o‘rganib chiqib, huquqbuzarning aybi maʼmuriy ish hujjatlarini ko‘zdan kechirib, bayonnoma, fotojadvallar, tushuntirish xatlari hamda ishdagi boshqa obyektiv dalillar bilan o‘z isbotini topgan» degan xulosaga kelgan.

Sud ayolni Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 184−4-moddasida (Jamoat joylarida shaxsini identifikatsiya qilish imkonini bermaydigan ko‘rinishda bo‘lish) nazarda tutilgan maʼmuriy huquqbuzarlikni sodir etgan deb topib, unga ushbu kodeksning 33-moddasini (Yengilroq maʼmuriy jazo chorasining qo‘llanilishi) qo‘llab, bazaviy hisoblash miqdorining 5 (besh) baravari miqdorida, yaʼni 1 700 000 so‘m jarima jazosi tayinlandi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 91805 | Инструменты