Toshkent viloyatidagi bog‘chada ilonlar bilan tomosha ko‘rsatgan shaxs jazolandi

Avvalroq, Toshkent viloyatidagi bog‘chada ilon bilan tomosha ko‘rsatuvi ishi sudga yuborilgani haqida xabar bergan edik.

Holat joriy yilning 16-yanvar kuni Toshkent viloyati Piskent tumanidagi 7-sonli Davlat maktabgacha ta’lim muassasasida kuzatilgan.

Videoda maktabgacha ta’lim muassasasida tarbiyalanuvchilarga hozirda noyob, Qizil kitobga kiritilgan O‘rta Osiyo kobralari bilan tomosha uyushtirilganligi va bunda bog‘cha ma’muriyati tomonidan bolalarning hayoti va sog‘lig‘i uchun xavfsizlik choralari ta’minlanmaganligi aks etgan.

Tomoshalar Olmaliq shahar "Kumush diyor" xususiy korxonasi tasarrufidagi "Toshkent" havaskorlik sirk jamoasi xodimi H.A tomonidan uyushtirilgan. Mazkur shaxs o‘quv yili avvalida tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga ta’lim tizimidagi muassasalarga sirk tomoshalarini namoyish qilish bo‘yicha xat va dastur bilan murojaat qilgan. Mas’ullar tomonidan ushbu tomoshalarga ruxsat berilgan.

Namoyishlar dasturida hayvonlar bilan sahna ko‘rinishlari ko‘rsatilmagan. H.A 16-yanvar kuni tumandagi 7-sonli Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida bolalarning hayoti va sog‘ligi uchun xavfli bo‘lgan jonzotlar bilan o‘yin ko‘rsatgan.

Toshkent viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tomonidan ishchi guruh tuzilib, o‘rganish ishlari olib borildi. Ishchi guruh xulosasi bilan holatga bevosita mas’ul bo‘lgan, e’tiborsizlik qilgan shaxslarga nisbatan chora ko‘rildi.

Sud hukmi bilan, H.A. Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 200−1-moddasi (Ommaviy tadbirlar o‘tkazish qoidalarini buzish) bilan aybli deb topildi. Unga shu moddaga asosan BHMning 10 baravari (3 mln 750 ming so‘m) miqdorida jarima jazosi qo‘llandi. Uning sherigi ham jarima jazosiga tortildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 50823 | Инструменты