2025-yil 6-mart kuni poytaxtning Yangihayot tumanidagi zavodlardan birida bojxona organlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda noqonuniy muomaladan olib qo‘yilgan 132 ming 180 quti tamaki mahsulotlari keng jamoatchilik, xususan ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalistlar va blogerlar ishtirokida yo‘q qilindi.
Uch yildan beri o‘ziga xos anʼanaga aylangan tamaki mahsulotlarini shu zaylda oshkora yo‘q qilish tadbirlari keng jamoatchilik tomonidan ijobiy baholanmoqda va huquqbuzarliklar profilaktikasi jihatidan amalda o‘zini oqlamoqda.
Buni Toshkent Davlat iqtisodiyot universiteti tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot natijalari ham tasdiqlamoqda. Tahlillarga ko‘ra, O‘zbekistonda tamaki mahsulotlarining noqonuniy aylanmasi hajmi 2024 yil yanvar oyida 19,4 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2024 yilning dekabr oyiga kelib bu ko‘rsatkich 9,6 foizni tashkil etdi.
Bu galgi tadbirda bojxona organlari tezkor tuzilmalari tomonidan aniqlangan 9 ta holatida huquqbuzarlardan olib qo‘yilgan jami 132 ming 180 quti tamaki mahsulotlari yo‘q qilindi.
Masalan, yoqib yuborilgan sigaretlardan 76 ming 500 quti “Milano” nomli xorijda ishlab chiqarilgan tamaki mahsulotlari “Toshkent-AERO” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi tezkor tuzilmalari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda olib qo‘yilgan. Avvaldan kuzatuvgan olingan fuqaro B.K. muqaddam qo‘shni davlatlardan noqonuniy ravishda olib o‘tilgan umumiy qiymati 1 mlrd so‘mlik mazkur sigaretlarni kelgusida noqonuniy o‘tkazish maqsadida saqlab kelayotganligi fosh etilgan edi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudining hukmi bilan fuqaro B.K. Jinoyat kodeksining 1861-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan aybli deb topilib, 7 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.
“Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” munosabati bilan bu galgi yo‘q qilish tadbirida atrof-muhitga va insonlar salomatligiga zararli taʼsirining oldini olish hamda chiqindilardan oqilona foydalanish maqsadida o‘zi xos yangilikka qo‘l urildi.
Noqonuniy muomaladan olib qo‘yilgan va sud qarori asosida yo‘q qilinishi belgilangan tamaki mahsulotlari yoqib yuborishdan avval qog‘oz o‘rovlaridan ajratildi. Bu jarayonlarni tadbirga taklif qilingan jurnalistlar va blogerlarning o‘zlari bevosita amalga oshirishdi, shuningdek, Bojxona institutining bir guruh faol va ko‘ngilli kursantlari ham ko‘maklashishdi.
Anjumanda Bojxona qo‘mitasi Raisi o‘rinbosari Otabek Choriyev, Surishtiruv va maʼmuriy amaliyot boshqarmasi boshlig‘i Akramjon Ahlimirzayev va boshqalar tomonidan jurnalistlarga batafsil axborotlar taqdim qilindi.
Maʼlum qilinishicha, bojxona organlari tomonidan huquqni muxofaza qiluvchi boshqa idoralar bilan hamkorlikda 2024-yilda aniqlangan 512 ta holatda qiymati 61,6 mlrd so‘mlik 2,9 mln quti tamaki mahsulotlarining bojxona chegaralari orqali noqonuniy ravishda olib o‘tilishi va ichki hududdagi yashirin aylanmasiga chek qo‘yilgan.
Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida esa 137 ta holatda qiymati 9,3 mlrd so‘mlik 305 ming quti tamaki mahsulotlari bilan bog‘liq huquqbuzarlik holatlari fosh qilingan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 30617 | Инструменты