Loyihaning mazkur bosqichi Shahrisabz, Mirobod va Shota Rustaveli ko‘chalari tutashgan aylanma chorrahadan Amir Temur shoh ko‘chasi bilan kesishmagacha bo‘lgan 1,2 kilometrlik yo'ldan iborat
Toshkent shahrida jamoat transportiga ustuvorlik berish, avtobuslar harakatini tezkor va barqaror tashkil etish maqsadida Shahrisabz ko‘chasidagi BRT yo‘lagining birinchi bosqichi foydalanishga topshirildi. Bu haqda Toshkent shahrida Yo‘l harakatini tashkil etish markazi ma'lum qildi.
Loyihaning mazkur bosqichi Shahrisabz, Mirobod va Shota Rustaveli ko‘chalari tutashgan aylanma chorrahadan Amir Temur shoh ko‘chasi bilan kesishmagacha bo‘lgan 1,2 kilometrlik yo'ldan iborat.
Qayd etilishicha, jarayonda mavjud asfalt qoplamasini yangilash bilan cheklanilmagan. BRT yo‘lagida katta sig‘imli avtobuslarning muntazam harakati va doimiy yuklamasi hisobga olinib, yo‘lning ostki konstruksiyasi ham to‘liq qayta qurildi.

Buning uchun ayrim qismlarda 2 metrdan ortiq chuqurlikkacha qazish ishlari bajarilib, mavjud asos olib tashlandi va yo‘l poydevori qayta shakllantirildi. Keyinchalik cho‘kish xavfini kamaytirish maqsadida geotekstil qoplamasi yotqizildi.
BRT infratuzilmasi doirasida 5 ta yangi avtobus bekati tashkil etilib, jamoat transporti uchun alohida harakat yo‘lagi shakllantirildi. BRT yo‘lagi umumiy transport oqimidan bordyurlar orqali ajratildi.

Bu yechim avtobuslarning tirbandlikka kamroq bog‘liq holda harakatlanishi, qatnov oralig‘ining barqarorligini ta’minlash hamda bekatlarga xavfsiz kirib-chiqish imkoniyatini yaxshilashga xizmat qiladi.
1 kmdan oshgan ushbu uchastka Shahrisabz ko‘chasida BRT infratuzilmasini shakllantirishning birinchi bosqichi hisoblanadi. Umumiy loyiha doirasida Shahrisabz ko‘chasining 3 kmlik qismida shunday yo‘laklarni tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 90413 | Инструменты